Saharlik qilmasdan ro‘za tutish mumkinmi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin domla Xolboyev «Ramazonda yotishdan oldin ro‘zaga niyat qilib, saharlikka turmasa bo‘ladimi?» degan savolga quyidagicha javob berdi:
«Bismillahir rohmanir rohim. Alhamdulillah, vas solatu vas salamu ala Rasulillah. Saharlikka turmasdan, ya’ni saharlik qilmasdan ro‘za tutish bilan u ro‘zasi ro‘za bo‘ladi. Lekin bu kishi, ya’ni bitta sunnatni bajarmagan, bitta sunnatni tark qilgan hisoblanadi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir hadisi shariflari bor: «Tasahharu fa inna fis sahuri barokatan», deydilar. Saharlik qilinglar, chunki saharlikda baraka bor, deydilar. Mana shu hadisi sharifga muvofiq, ulamolarimiz saharlik qilish kerak ekanligini, saharlik qilishning bir qancha fazilatlari bor, barakalari borligini tavsiya qiladilar. Demak, hammamiz mana shu Rasulullohning tavsiyalariga amal qilib, imkon qadar saharlik bilan ro‘za tutishga harakat qilishimiz kerak. Mabodo, endi saharlikda uxlab qolib, saharlik qila olmadi yoki kechasi niyat qilib olsa, bu bilan bitta sunnat amal tark bo‘ladi-yu, lekin uning ro‘zasi ro‘za bo‘ladi. Uning hech qanday qazosini tutish vojib bo‘lmaydi. Vallohu a’lam bissavob», — deydi G‘ulomiddin domla.
Bundan avval «saharlikni kechiktirish mumkinmi?», «saharlikni tahoratsiz qilish mumkinmi?» va «emizikli ayol ro‘za tutsa bo‘ladimi?» degan savollarga javob berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Ramazonda suvsizlanishning oldini qanday olish mumkinligi haqida yozgandi. Unga ko‘ra, saharlikdan keyin 250 – 300 ml suv ichish tavsiya etiladi. Bu organizmga ro‘za davomida zarur bo‘lgan zaxira suyuqlikni beradi.
Hududlar kesimida saharlik va iftorlik vaqtlaridagi farqni @fatvouz_taqvim_bot telegram boti orqali aniqlash mumkin. Bot orqali yashash hududingizni tanlab, aniq vaqtlarni bilish imkoni mavjud.