«To‘palang» suv omboriga 287 mln dollar sarflangan

Surxondaryo viloyatida barpo etilgan «To‘palang» suv omboriga $287 mln sarflangan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Keng ko‘lamli qurilish va montaj ishlari natijasida bugun minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning 10 ta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilmoqda. Sakkiz-to‘qqiz yil oldin markazlashgan suv bilan qamrov 47 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 67,5 foizga yetdi.
Loyiha doirasida 246 kilometr magistral va ichki tarmoqlar barpo etildi. Muhimi, gidravlik hisoblar asosida suvni nasossiz uzatish tizimi yaratildi. Bu energiya sarfini keskin kamaytirdi va tizim barqarorligini oshirdi. Natijada Termiz, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot tumanlari markazlariga suv elektr energiyasiz yetkazilmoqda.

Bugungi kunda 223 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Suvning qattiqlik darajasi ikki baravargacha kamaytirildi. Bu aholi salomatligi va maishiy jihozlar xizmat muddatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Shimoliy» suv ishlab chiqarish inshootidagi Geoaxborot markazi tizimni real vaqtda nazorat qilish imkonini berdi. Bosim pasayishi yoki avariya holatlari bir necha daqiqada aniqlanadi.
Suv ta’minoti yaxshilangach, yuzdan ortiq yer osti quduqlariga ehtiyoj qolmadi. Bu ekologik yukni kamaytirishga xizmat qilmoqda. Loyiha natijasida yiliga 18,4 mln kVt/soat elektr energiyasi (18,5 mlrd so‘m) tejaladi. Shuningdek, 10 gektar maydonga 6418 kVt quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatilgan.
Avvalroq Surxondaryoda bir yilda uch marta hosil olish texnologiyasi joriy etilishi haqida yozgan edik.