O‘zbekistonning uchta shahri Osiyoning eng chiroyli 30 ta shahri ro‘yxatiga kiritildi

Polshaning National Geographic Traveler jurnalining maxsus sonida O‘zbekiston shaharlariga bag‘ishlangan maqola chop etildi. Unda Samarqand, Buxoro va Xiva Osiyoning eng go‘zal 30 ta shahri qatoridan joy oldi.
Polshalik jurnalist Agneshka Franus muallifligidagi maqolada O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi hamda Buyuk Ipak yo‘li shaharlarining arxitekturasi yoritilgan. Xususan, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Registon ansambli, Shohizinda, Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, shuningdek, Buxorodagi Ark qal’asi va Xivadagi Ichan-qal’a majmualari yuqori baholangan.


Nashrda sayohatchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, xavfsizlik va rivojlangan transport infratuzilmasi qayd etilgan. Jurnalistning yozishicha, O‘zbekistonda mustaqil turizm uchun qulayliklar yetarli hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxi va sifati o‘zaro mutanosib. Shuningdek, mahalliy aholining mehmondo‘stligi va milliy oshxona xilma-xilligi maqolada o‘z aksini topgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiva 2026-yil uchun eng yaxshi sayohat yo‘nalishlari ro‘yxatiga kirgani haqida xabar bergan edi.