Ayollar uydan chiqmasdan turib, qanday daromad olishi mumkin

Hozirgi davrda ayollar uchun uy sharoitida turib ham halol va barqaror daromad topish yo‘llari ancha kengaygan. Endilikda daromad olish oliy ta’limga emas, balki bilim, tajriba va ijodiy yondashuvga tayanmoqda. Bunday imkoniyatlar vaqtni samarali boshqarish, oila yumushlarini ish bilan uyg‘unlashtirish hamda qo‘shimcha daromadni asta-sekin asosiy faoliyatga aylantirishga sharoit yaratadi.
Ushbu maqolada ayollar uchun uyda o‘tirgan holda daromad topishning eng qulay, ishonchli va O‘zbekiston sharoitiga mos yo‘llari sanab o‘tiladi. Unda har bir faoliyat turi bo‘yicha qanday ko‘nikmalar zarurligi, ishni nimadan boshlash kerakligi hamda taxminiy daromad imkoniyatlari oddiy, tushunarli va hayotiy misollar asosida yoritib beriladi.
Quyida eng maqbul 10 ta kasb-hunarlar keltirilgan:
- Konserva mahsulotlari tayyorlash
- To‘qima uslubdagi uy jihozlari yasash
- Tort, bento va shirinliklar pishirish
- Bezakli taqinchoqlar va aksessuarlar yasash
- Xonaki gullarni parvarishlash
- Sarpo qutilarini ijaraga berish
- Tikuvchilik va liboslar dizayni
- Operatorlik yoki chatlarda javob berish
- Quritilgan mevalar tayyorlash
- Bolalar uchun bayramona liboslarni ijaraga berish
1. Konserva mahsulotlari tayyorlash

Mavsumiy meva va sabzavotlarning mo‘l-ko‘l davridan oqilona foydalangan holda nafaqat ro‘zg‘orni to‘ldirish, balki yaxshigina daromad manbaini yaratish ham mumkin. Konserva taomlar tayyorlash bilan shug‘ullanish uchun, avvalo, pazandachilikning asosiy qoidalarini bilish va mahsulotlarni to‘g‘ri qayta ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lish lozim. Sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya qilish, idish-tovoqlarni steril holatda ishlatish zarur . Ishni uy sharoitida kichik hajmda, masalan, murabbo, tuzlama yoki salatlar tayyorlashdan boshlash mumkin

Dastlab mahsulotlar sifati va ta’mi sinovdan o‘tkazilib, yaqinlar yoki tanishlar orqali baho olish foydali bo‘ladi. Keyinchalik qadoqlash dizayni va saqlash muddatiga alohida e’tibor qaratish lozim. Buyurtmalarni ijtimoiy tarmoqlar va tanishlar orqali qabul qilish ishni rivojlantirishga yordam beradi. To‘g‘ri yondashuv bilan oyiga barqaror daromad topish mumkin, daromad miqdori esa mahsulot turi va buyurtmalar soniga qarab ortib boradi. Vaqt o‘tishi bilan bu faoliyatni kichik biznesga aylantirish imkoniyati ham mavjud.

Uy sharoitida bir oyda 400–500 dona banka murabbo, tuzlama yoki salat tayyorlab sotish mumkin. Bitta bankaning o‘rtacha sof foydasi 8 ming so‘m atrofida bo‘lsa, oyiga taxminan 4 mln so‘mgacha sof daromad olish mumkin. Agar buyurtmalar ko‘payib, assortiment kengaysa, ko‘rsatkich 7-8 mln so‘mgacha yetishi mumkin. Kichik sex yoki doimiy mijozlar shakllanganda esa daromad yanada oshadi.
2. To‘qima uslubdagi uy jihozlari yasash

Osiladigan o‘rindiqlarni tayyorlash uchun, avvalo, ipni tugunlab to‘qish texnikasini bilish va iplar bilan ishlashga qo‘l o‘rganishi zarur. O‘lcham olish, shaklni to‘g‘ri saqlash hamda tugunlarni mustahkam bog‘lash xavfsizlik va sifat uchun muhim hisoblanadi. Bundan tashqari, ranglar uyg‘unligini his qilish va dizaynga estetik yondashuv mahsulotni xaridorgir qiladi. Ishni oddiy modellardan — masalan, klassik dumaloq yoki tomchi shaklidagi o‘rindiqdan boshlash maqsadga muvofiq.

Ishni uy sharoitida, sifatli iplar bilan 1–2 ta namunaviy mahsulot tayyorlab, o‘rganishdan boshlash mumkin. Buyurtmalar ijtimoiy tarmoqlar, tanishlar yoki kichik sahifalar orqali kelib tushadi. O‘rtacha bitta o‘rindiqdan 300–600 ming so‘m sof foyda olish mumkin, buyurtmalar soniga qarab oyiga 6–8 mln so‘mgacha daromadga chiqish ehtimoli bor. Tajriba oshgani sari dizayn murakkablashib, narx va daromad ham bosqichma-bosqich ko‘tarilib boradi.

Shuningdek, tajriba va ijodkorona yondashuv orqali mahsulotlar turini ham ko‘paytirish mumkin. Masalan, chaqaloqlar uchun belanchaklar, yopinchiq va savatchalarni to‘qib sotish ham ommalashgan. Tabiiy, estetik chiroyli, sinmaydigan va qayt tozalash mumkin bo‘lgan bu kabi mahsulotlarga har doim talab katta bo‘ladi.
3. Tort, bento va shirinliklar pishirish

Tort, bento va shirinliklar pishirish uchun birinchi navbatda asosiy qandolatchilik ko‘nikmalarini bilish, mahsulotlar va jihozlar zarur bo‘ladi. Bunda un, shakar, tuxum va boshqa ingredientlar, pech (2,4-7 mln so‘m orasida) hamda bezash uchun maxsus dastgohlar olish lozim. Sohada retseptlarni aniq o‘qish, ingredientlarni o‘lchash va vaqtni boshqarish kabi oddiy, lekin samarali odatlar ham kerak bo‘ladi. Masalan, uy sharoitida oddiy biskvit tayyorlashni o‘rganish, keyinchalik uni murakkabroq tortlar yoki bentoga aylantirish imkonini beradi.

Ishni boshlash uchun kichik hajmdagi buyurtmalardan boshlash tavsiya etiladi: do‘stlar va oila a’zolari uchun shirinlik tayyorlash, ijtimoiy tarmoqlarda kichik reklamalar berish va buyurtma qabul qilish. Daromad miqdori esa ish hajmi va sifatiga bog‘liq bo‘lib, masalan, o‘rtacha sifatli uy tortlarini bir dona 200 ming so‘mga sotish mumkin, bentolarni esa 50-100 ming so‘m oralig‘ida narxlanadi.
Doimiy mijozlar va kreativ dizaynlar bilan ishni kengaytirish mumkin, bu esa oyiga bir necha million so‘mgacha daromad keltirishi mumkin. Oylik daromad savdo hajmiga bog‘liq holda 6-9 mln so‘mgacha yetishi mumkin. Yoniga qo‘shimcha sifatida shirinliklarni sovg‘a qutilari, sham, tabrik va sharlar bilan taqdim etish yoki tayyor dessert setlarini sotish daromadni oshiradi.
4. Bezakli taqinchoqlar va aksessuarlar yasash

Bu biznesni boshlash uchun avvalo mayda materiallar bilan ishlashni o‘rganish kerak: bonchuklar, metall detallar, charm, tabiiy toshlar va qatronlar asosiy vositalar hisoblanadi. Internetdagi video darslar va qisqa kurslar orqali boshlang‘ich darajani tezda egallash mumkin. Boshlanishda oddiy ziraklar, bilakuzuk va marjonlar tayyorlab, asta-sekin murakkab dizaynlar, qatlamli va tematik kolleksiyalar yaratish tavsiya etiladi. Mahsulotlarni chiroyli qadoqlash va fotosuratlarda estetik tarzda taqdim etish mijozlar e’tiborini tortadi.

Boshlang‘ich xarajatlar materiallar va asbob-uskunalar uchun 500 ming – 1 mln so‘m atrofida bo‘ladi. Oddiy taqinchoqlarni sotish orqali oyiga 3–4 mln so‘m, maxsus buyurtmalar va premium kolleksiyalar orqali 7–8 mln so‘mgacha daromad olish mumkin. Yoniga qo‘shimcha sifatida zargarlik aksessuarlari, charm sumkalar yoki kiyimga mos aksessuarlar yaratish orqali bir vaqtning o‘zida bir nechta mahsulotni taklif qilish va sotuvni oshirish mumkin. Ayniqsa, kelin sarpolari uchun kolleksiyalar taklif qilish tavsiya etiladi. Odatda, kelinlar sarpoga kamida 4 yoki 5 xil taqinchok yoki aksessuarlar oladi.

5. Xonaki gullarni parvarishlash

Gullarni parvalish qilishni sevasizmi? Siz o‘stirgan gullardan pullar ishlash ham mumkin. Xonaki gullar bilan ishlashni boshlash uchun avvalo eng oson parvarish qilinadigan navlarni tanlash tavsiya etiladi. Gullarning suv, yorug‘lik va tuproq talablarini o‘rganish zarur — bu ularni sog‘lom saqlash va ko‘paytirish imkonini beradi. Keyin esa o‘zingizning mini kolleksiyangizni yaratish va ularni chiroyli vazalarda, qadoqlarda yoki dekorativ panjaralarda taqdim etish orqali mijozlar e’tiborini jalb qilish mumkin. Sotuvni rivojlantirish uchun onlayn platformalar, ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy bozorlarni faol bo‘lish kerak.

Urug‘lar yoki ko‘chatlar, tuproq, idishlar va oziqlantiruvchi moddalar uchun 500 ming – 1 mln so‘m atrofida pul ketadi. Sotuv hajmiga qarab uyda oyiga 2–5 mln so‘m daromad olish mumkin, tajribali va noyob navlarni ko‘paytirish orqali 7–10 mln so‘mga yetish ehtimoli mavjud. Yon biznes sifatida mini bog‘cha dekorlari, suvenir gul vazalari yoki kombinirovka qilingan gullar va shaklli terrariumlar yaratish daromadni oshirishga yordam beradi.
6. Sarpo qutilarini ijaraga berish

O‘zbekistonda to‘rt faslda ham to‘ylar bo‘ladi. To‘ysevar xalq uchun to‘yda sarpo qutilarini ijaraga berib, yaxshi daromd olish mumkin. Bu biznesni boshlash uchun avvalo turli o‘lcham va dizayndagi qutilarni tayyorlash yoki sotib olish zarur. Boshlanishda oddiy va estetik qutilardan boshlash, ularni to‘ylar, bayramlar, tug‘ilgan kunlar, yubileylar va korporativ sovg‘alar uchun moslashtirish tavsiya etiladi. Qutilarni toza, mustahkam va chiroyli qilib bezash mijozlarda ishonch uyg‘otadi. Ijaraga berishda kunlik narx belgilanadi, shuningdek, qo‘shimcha xizmat sifatida maxsus bezaklar, ismli lenta, gul yoki shirinlik qo‘shish orqali mahsulotni jozibador qilish mumkin.
Boshlang‘ich xarajatlar qutilar va bezaklar uchun 6-7 mln so‘m atrofida bo‘ladi. Ijara narxi quti turiga qarab kuniga 50 ming so‘mdan boshlanadi, o‘ziga xos qutilar ijarasi esa 100-150 ming so‘mgacha yetishi mumkin. Odatda, sarpolarda 5-7 ta quti qo‘yiladi. Oylik daromad qutilar soniga bog‘liq: kichik hajmda 4 mln so‘mgacha, yaxshi reklama va mavsumiy assortiment bilan 6–8 mln so‘mga yetishi mumkin. Yoniga qo‘shimcha sifatida sovg‘a paketlari, shokolad yoki qo‘lda tayyorlangan sovg‘alar bilan birga taklif qilish daromadni oshirishga yordam beradi.
7. Tikuvchilik va liboslar dizayni

Tikuvchilik va liboslar dizayni bilan shug‘ullanish uchun avvalo matolarni tanlash, o‘lchamlar va naqshlarni tushunish, shuningdek, tikuv mashinasida ishlash ko‘nikmalarini egallash zarur. Boshlanishida oddiy kundalik yoki sodda bichimdagi liboslari tikish, mavjud shablonlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Keyin esa o‘z uslubini yaratish, rang va bezaklar kombinatsiyasida kreativlikni qo‘llash orqali liboslarni noyob dizaynda tikish mumkin. Mijoz bilan ishlashda o‘lchamlarni aniq olish, material sifati va qadoqlashga e’tibor berish muhim.

Tikuv mashinasi (3-5,3 mln so‘m atrofida), qaychi, nina, iplar va mayda qurollar uchun 5-6 mln so‘m atrofida pul ketadi. Oylik daromad esa buyurtmalar hajmiga bog‘liq: oddiy liboslar tikib sotishda 3–5 mln so‘m, maxsus dizayn va premium kolleksiyalar orqali 7–10 mln so‘mgacha daromad olish mumkin. Yoniga qo‘shimcha sifatida aksessuarlar, bayram kostyumlari, kelinlik liboslari tikish ham daromadni oshiradi.
8. Operatorlik yoki chatlarda javob berish

Bu yo‘nalishni boshlash uchun avvalo kompyuter yoki smartfon va barqaror internet kerak bo‘ladi. Keyingi qadam — mijozlar bilan yozishmalar madaniyati va tezkor javob berish qoidalarini o‘rganish: odatda kompaniyalar chat yozishmalarining shablonlari va savol-javob bazasini o‘zlari beradi, shuningdek, ingliz yoki rus tilini bilish ish topish yoki yuqori daromad imkoniyatini oshiradi. Boshlanishda kichik kompaniyalar yoki onlayn do‘konlar bilan masofadan ishlash mumkin, tajriba ortgani sayin kattaroq brendlar va xalqaro loyihalarga ulanish osonlashadi.
Boshlang‘ich xarajatlar deyarli yo‘q: faqat internet (oyiga 20-180 ming so‘m) va kompyuter (2-5 mln so‘m atrofia) yetarli, bu esa uyda turib, daromad olmoqchi bo‘lgan ko‘plab ayollar uchun qulay. Oylik daromad ish hajmi va soatiga bog‘liq: boshlanishida oyiga 2–3 mln so‘m, keyinchalik esa 5–7 mln so‘mgacha yetishi mumkin. Yoniga qo‘shimcha sifatida e-mail mijozlarga javob berish, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni yuritish, post joylash yoki Telegram/WhatsApp botlarni boshqarish kabi xizmatlar qo‘shilsa, bir vaqtning o‘zida bir nechta daromad manbai yaratiladi.
9. Quritilgan mevalar tayyorlash

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga 11,7 mln nafar turist tashrif buyurgan. Tabiiyki, yurtimizga kelgan sayyohlar esdalik sifatida o‘zlari bilan kamida biror yegulik olib ketishga harakat qiladi. Shu jihatdan qaraganda, quritilgan mevalar uzoq yo‘lga chidamliligi, saqlash qulayligi va tabiiyligi bilan eng maqbul tanlovlardan biri hisoblanadi.
Quritilgan mevalar tayyorlashni boshlash uchun avvalo sifatli va yangi mevalarni tanlash muhim. Uyda maxsus pech yordamida mevalarni quritish mumkin, boshlanishiga olma, o‘rik, olxo‘ri va banan kabi oddiy mevalardan boshlash tavsiya etiladi. Mevalarni tozalash, bo‘lib kesish va to‘g‘ri haroratda quritish jarayoniga e’tibor berish zarur, shunda ularning hidi va ta’mi uzoq vaqt saqlanadi. Keyin esa chiroyli qadoq va yorliqlar orqali mahsulotni bozorga chiqarish mumkin. Savdo kanallari sifatida Telegram, Instagram, Facebook yoki mahalliy onlayn bozorlar foydali bo‘ladi. Turistlar ko‘p tashrif buyuradigan manzillar ham savdo uchun eng maqbul joy bo‘la oladi.

Tajriba oshgani sayin turli mevalar kombinatsiyasi, aralash «mix» paketlar va bayram sovg‘alari kabi variantlarini chiqarish orqali mijoz bazasini kengaytirish mumkin. Quritkich pechini texnik xususiyatlariga qarab 1 mln so‘mdan 3,4 mln so‘mgacha xarid qilish mumkin, qadoqlash materiallari 300-500 ming so‘m, mevalar esa 500 ming-2 mln so‘m atrofida bo‘ladi.

Savdo hajmi va sifatga qarab oyiga 3–6 mln so‘m, tajribali va sifatli assortiment bilan esa 8–10 mln so‘mgacha daromad olish mumkin. Yoniga qo‘shimcha biznes sifatida yong‘oq, urug‘ va granola aralashmalari yoki qurtlarni ham ishlab chiqarish foydali bo‘ladi. Bu esa har bir xaridni ko‘proq qiymatga aylantiradi.
10. Bolalar uchun bayramona liboslarni ijaraga berish

Bu biznesni boshlash uchun avvalo tikuvchilik bo‘yicha asosiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish kerak. Bunda o‘lcham, mato tanlash va bezaklarni joylashtirish muhim hisoblanadi. Boshlanishida arzon va sifatli matolarni tanlab, oddiy dizayndagi liboslar tikish tavsiya qilinadi. Keyin esa bayram mavsumlariga (Navro‘z, Yangi yil, Hosildorlik bayrami) mos liboslar kolleksiyasini yaratish, rang-barang va qiziqarli detallar qo‘shish orqali mahsulotni yanada jozibador qilish mumkin. Ijaraga berishda o‘lchamni turlicha qilish va kiyimlarni toza, dazmollangan holda taqdim etish mijozlar ishonchini oshiradi.

Boshlang‘ich xarajatlar mato, ipak yoki atlas, naqshlar va tikuv mashinasi uchun 5-7 mln so‘m atrofida bo‘lishi mumkin. Ijara narxi libos turI va mavsumga qarab kuniga 30–50 ming so‘mdan boshlanadi. oyiga bir nechta buyurtmalar orqali 3–6 mln so‘mgacha daromad olish mumkin. Tajribani oshirish uchun mijozlar bilan aloqani kuchaytirish, o‘z sahifalarida katalog yaratish va fotosessiya bilan liboslarni taqdim etish lozim. Yoniga qo‘shimcha sifatida aksessuarlar (shlyapalar, bosh va oyoq kiyimlar) yoki fotosessiya xizmatlarini qo‘shish daromadni yana-da ko‘paytiradi.
Ma’lumot uchun, mazkur faoliyat turlari uy sharoitida amalga oshirilgan taqdirda ham, ularni bajarish uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli ruxsatnoma yoki litsenziya olinishi shart. Shuningdek, olingan daromadlar bo‘yicha belgilangan tartibda va muddatda soliqlar to‘lab borish majburiy hisoblanadi.
Litsenziya – bu ma’lum bir faoliyat turini amalga oshirish uchun beriladigan maxsus ruxsatnoma hujjati, litsenziyalash esa O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ushbu ruxsatnomani olish, yangilash yoki bekor qilish jarayonini bildiradi. Quyidagi havolada O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq qaysi faoliyat turlari litsenziyalanishi kerakligini bilib olishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq erkaklarning uydan chiqmasdan turib, daromad olish yo‘llari haqida yozgan edik.