Shavkat Mirziyoyev Jarqoʻrgʻondagi “Yangi Oʻzbekiston” massiviga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida bunyod etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massivi bilan tanishdi. Tashrif davomida aholi yashash sharoitlari hamda yoshlar uchun yaratilgan ta’lim markazlari ko‘zdan kechirildi.

Cho‘l hududini o‘zlashtirish hisobiga bunyod etilayotgan massivda jami 116 ta ko‘p qavatli uy qurilishi belgilangan. Hozirgi kunga qadar 68 ta uy foydalanishga topshirilib, poliklinika, 180 o‘rinli bog‘cha va 330 o‘rinli maktab ishga tushirildi. Kelgusida yana 50 ga yaqin uy va istirohat bog‘i barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirda 150 nafarga yaqin o‘quvchi IELTS imtihonlarida B2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Tashrif yakunida davlat rahbari aholi bilan muloqot qilib, ta’lim va bunyodkorlik ahamiyatiga to‘xtaldi.
«Bugun jahon hamjamiyati O‘zbekistonga hurmat bilan qaramoqda, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib, islohotlarning samarasiga guvoh bo‘lmoqda. Yangi O‘zbekiston massivlari ham odamlarimiz farovon hayot kechirishi, shinam uylarda yashashi uchun barpo etilyapti. Men doim «ta’lim-ta’lim» deb bejiz aytmayapman. Bilimimiz, mana shunday bunyodkorona mehnatimiz bilan yurtimizning obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirib, dunyoda munosib o‘rin egallaymiz. Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali ko‘p yangiliklarni amalga oshiramiz», — dedi prezident.

Massivdagi 66-maktabda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim joriy qilingan bo‘lib, u yerda 500 dan ziyod o‘quvchi ta’lim olmoqda. Shuningdek, 6,5 mlrd so‘m evaziga qurilgan axborot texnologiyalari va xorijiy tillar markazida yoshlar kompyuter savodxonligi hamda ingliz tilini o‘rganmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Belarus bosh vazirini qabul qilgani haqida xabar bergan edi.