«O‘zbekneftgaz» 50 kunda 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ni tejadi

«O‘zbekneftgaz» AJ «Dolzarb 100 kunlik» dasturining dastlabki ikki oyida sarf-xarajatlarni optimallashtirish orqali 1,1 trln so‘m mablag‘ni iqtisod qildi. Mablag‘lar geologiya qidiruv ishlari, qazib chiqarish va qayta ishlashga yo‘naltirilmoqda, deydi kompaniya matbuot xizmati.
O‘tgan davrda 3D seysmika natijalari asosida yangi istiqbolli maydonlar aniqlanib, izlov-qidiruv quduqlari burg‘ilandi. Joriy yilda 103 ta quduq burg‘ilash rejalashtirilgan, shundan 58 tasi izlov-qidiruv, 45 tasi ishlatish quduqlari hisoblanadi.
Xarajatlarni kamaytirish va resurslarni maqbullashtirish orqali 766 mlrd so‘m iqtisod qilindi, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 2,5 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish va qurilish loyihalarini optimallashtirish hisobiga qo‘shimcha mablag‘lar tejaladi.
Xodimlar soni 875 nafardan 610 nafar (29%)ga kamaytirildi, qo‘riqlash xizmatini raqamlashtirish va laboratoriyalarni modernizatsiya qilish orqali 700 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Xodimlarga oylik maosh, issiq ovqat va mavsumiy oyoq kiyim ta’minlandi, yangi yotoqxona, oshxona va konferens zali qurilishi uchun 280 mlrd so‘m ajratildi.
Tabiiy gaz va neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshirildi: tozalangan gaz 2,276 mlrd m³, gaz kondensati 78,2 ming tonna, suyultirilgan gaz 85,7 ming tonna, oltingugurt 28 ming tonna, polietilen 21 ming tonna ishlab chiqarildi. Aholi va tadbirkorlarga 88,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. «Uzbekistan GTL» MCHJ sintetik neft mahsulotlarini barqaror ishlab chiqaradi, oʻtgan yilga nisbatan 33 ming tonna koʻp mahsulot ishlab chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida iste’molchilarga neft mahsulotlari sifatini mustaqil tekshirish imkonini beruvchi maxsus uskunalar o‘rnatilishi haqida yozgan edik.