O‘zbekistonning davlat qarzi 46,8 mlrd dollarga yetdi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning jami davlat qarzi $46,8 milliardni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida qariyb $6 milliardga oshgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotida keltirilgan.
Shunga qaramay, qarzning yalpi ichki mahsulot (YAIM)ga nisbati 31,9 foiz darajasida qolmoqda.
Shu bilan birga, umumiy majburiyatlarning asosiy qismi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi – $39,8 mlrd. Ichki qarz esa $7,03 mlrd atrofida shakllangan.
Tashqi qarz tarkibida xalqaro moliyaviy institutlar yetakchi o‘rinni egallaydi – $22,3 mlrd yoki jami tashqi qarzning 56 foizi. Eng yirik kreditorlar qatorida Jahon banki ($8,949 mlrd), Osiyo taraqqiyot banki ($8,355 mlrd) hamda Islom taraqqiyot banki ($1,06 mlrd) bor.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning davlat qarzi jahon standartlariga ko‘ra, mo‘tadil va boshqariladigan darajada ekani haqida yozgandi.