Instagram ota-onalarni ogohlantirish tizimini ishga tushiradi

Instagram platformasi yaqin haftalarda o‘smirlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ota-onalarni ogohlantirish tizimini joriy qiladi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, agar o‘smir qisqa vaqt ichida o‘z joniga qasd qilish yoki o‘ziga zarar yetkazishga oid atamalarni bir necha bor qidirsa, ota-onasiga bu haqda xabar yuboriladi. Ogohlantirishlar Instagram’da ota-onaviy nazorat tizimiga ulangan foydalanuvchilarga taqdim etiladi.
Meta’ga tegishli platforma hozir ham bunday kontentni qidirishni bloklaydi. Yangi mexanizm esa ota-onalarga farzandining xavfli holatga yaqinlashayotganidan xabardor bo‘lish imkonini beradi. Ogohlantirishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan qidiruvlar orasida o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi iboralar va «self-harm» kabi so‘zlar bor.
Ota-onalar xabarni elektron pochta, SMS, WhatsApp yoki ilova ichidagi bildirishnoma orqali oladi. Bildirishnomaga o‘smir bilan suhbatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga yordam beruvchi tavsiyalar ham ilova qilinadi.
Ogohlantirishlar dastlab AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanadada joriy etiladi. Yil davomida tizim boshqa hududlarda ham ishga tushiriladi. Kelgusida o‘smirlar ilovadagi sun’iy intellekt bilan ham ushbu mavzularda muloqot qilishga urinsa, ota-onaga xabar berish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta kompaniyasi o‘smirlarning sun’iy intellekt bilan shaxsiy chatlarini o‘chirib qo‘yish imkonini beruvchi yangi funksiyani joriy etgan edi.