Pokiston Kobul va Qandahorni nishonga oldi

eʼlon qilindi
Hujum oqibatida 72 afg‘on harbiysi halok bo‘lgan
Pokiston Kobul va Qandahorni nishonga oldi
Foto: Getty images

Pokiston Afg‘onistonning Kobul va Qandahor shaharlariga zarba berdi. Bu haqda BBC ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hujumlar erta tongda amalga oshirilganini rasmiylar tasdiqlagan. Pokiston Kobul, Qandahor viloyatlaridagi «Tolibon» harbiy obyektlariga aviazarba berdi. Hujum oqibatida 72 afg‘on harbiysi halok bo‘lgan, 120 nafari jarohat olgan. Afg‘oniston tomoni esa chegarada o‘tkazilgan operatsiya natijasida 55 pokistonlik harbiy halok bo‘lgani, 11 nafari yaralangani hamda 19 ta nazorat-o‘tkazish punktlari egallab olinganini bildirgan.

Afg‘oniston tomoni bunga javoban chegarada qarshi hujum boshlaganini bildirdi. Islomobod zarbalarni oldindan ogohlantirilmagan afg‘on hujumlariga javob deb atagan.

Tomonlar bir-birini chegarani buzishda ayblamoqda. Pokiston shimoli-g‘arbida Xaybar Paxtunxva viloyatida o‘q uzish holatlari qayd etildi. Torkham chegara punkti yaqinidagi aholiga hududni tark etish tavsiya etildi. Chegara orqali afg‘on fuqarolarini qaytarish vaqtincha to‘xtatilgan.

Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida 2,5 ming km uzunlikdagi tog‘li chegara mavjud. Oktabr oyida erishilgan sulhga qaramay, so‘nggi kunlarda keskinlik yana kuchaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Pokistonda hujum oqibatida 11 nafar harbiy halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek