Xorazmlik yosh ijrochiga prezident sovg‘asi BYD Chazor topshirildi

24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev oldida jonli ijro qilgan o‘quvchi Otamurod Rayimboyev va’daga muvofiq avtomobil bilan taqdirlandi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.



Ma’lumot uchun, Rayimboyev Urganch tumanidagi 11-son bolalar musiqa va san’at maktabining 4-sinfida o‘qiydi. Tadbir davomida Komiljon Otaniyozov repertuaridan qo‘shiq ijro qilib, yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirgan. Davlat rahbari uning iste’dodini e’tirof etib, mas’ullarga sovg‘a sifatida avtomobil ajratish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
BYD Chazor avtomobili kaliti viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov tomonidan o‘quvchiga oila a’zolari va ustozlari ishtirokida topshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijonda rassomlar festivali o‘tkazilib, g‘oliblarga Chevrolet Onix berilgani haqida yozgandi.