O‘zbekiston pomidorlari asosan Rossiya va qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda

O‘zbekiston 2025-yilda 12 ta xorijiy davlatga umumiy qiymati $36 mlnga teng bo‘lgan 45,2 ming tonna pomidor eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yildagi pomidor eksporti hajmi 2024-yilgi ko‘rsatkichlardan 3,3 ming tonnaga qisqargan. Shunga qaramay, mahsulotning asosiy qismi an’anaviy bozorlarga yo‘naltirilgan. Xususan, O‘zbekiston pomidorlarining eng yirik xaridori Rossiya bo‘lib, yil davomida bu davlatga 32 ming tonna mahsulot yetkazib berilgan.
Eksport hajmi bo‘yicha keyingi o‘rinlarni qo‘shni respublikalar egalladi. Qozog‘istonga 6,8 ming tonna, Qirg‘iz Respublikasiga esa 5,1 ming tonna pomidor eksport qilingan. Shuningdek, xaridor davlatlar ro‘yxatidan Birlashgan Arab Amirliklari (325,8 tonna) va Tojikiston (48,2 tonna) ham joy olgan. Qolgan 81,6 tonna pomidor esa boshqa xorijiy davlatlar bozoriga chiqarilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ohangaronda 15 mln dollarlik mikrochip zavodi qurilayotgani haqida xabar bergan edi.