Bozor SQBni $640 mln, «Ipoteka-bank»ni $666 mln dollarga baholadi: kapitallashuv bo‘yicha kim yetakchi?

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Kursiv Uzbekistan 18 ta moliya muassasasining kotirovkalarini tahlil qildi
O‘zbekiston banklarining bozor kapitallashuvi darajasi bo‘yicha reytingi / Foto: www.depositphotos.com

Respublika fond birjasi (RFB) «Toshkent» listingida umumiy kapitallashuvi 100 trln so‘mdan ortiq bo‘lgan 18 ta bankning aksiyalari taqdim etilgan. Ammo bu yerda davlat banklarining nominal trillionlari xususiy o‘yinchilarning agressiv baholanishi bilan yonma-yon turibdi. Emitentlar orasida «Ipoteka-bank»dan keyin xususiylashtirish ro‘yxatida birinchi bo‘lib turgan SQB ham bor. Kursiv Uzbekistan bozor qaysi o‘yinchilarni eng qimmat baholayotganini bilish uchun barcha moliya muassasalarining kotirovkalarini tahlil qildi.

Mundarija:

Taqdim etilgan reyting rasmiy birja ma’lumotlariga asoslanadi, biroq narx shakllanishining o‘ziga xos xususiyatlarini tushunish muhimdir. O‘zbekiston fond bozoridagi past likvidlik sharoitida hamma o‘yinchilar ham haqiqiy bozor kapitallashuviga ega emas. Oylab yoki yillab bitimlar tuzilmagan banklar uchun bu ko‘rsatkich ustav fondi yoki oxirgi tarixiy bitim narxidan kelib chiqib, nominal tarzda hisoblangan. Faol emitentlar uchun esa kapitallashuv 2026-yil 20-fevral holatiga talab va taklifning balansini aks ettiradi.

Bitta aksiya trillionlar keltirganda

Reytingimizning rasmiy yetakchisi — hisoblangan qiymati 22 trln so‘m (1,8 mlrd dollar) bo‘lgan Octobank (OCBK) past likvidlik tufayli yuzaga kelgan birja anomaliyasining klassik misoli hisoblanadi. Aktivlari hajmi bo‘yicha mamlakatda 21-o‘rinni egallab turgan bank nominal jihatdan mamlakatning eng qimmat bankiga aylandi.

Biroq buni bozor sensatsiyasi deb atash noo‘rin. Bitta oddiy aksiya uchun 44 ming so‘m (20-fevral holatiga) narx o‘ta beqaror: dushanba, 23-fevraldayoq u 41,4 ming so‘mga (-5,8%) tushib ketdi. E’tiborlisi shundaki, bu pasayish — atigi bitta aksiya sotib olingan bitta bitim natijasidir. Bunday miqyosdagi yakka bitimlar joriy narxni reprezentativ (haqiqiy holatni ko’rsatuvchi) bozor yo‘nalishi sifatida ko‘rib chiqishga imkon bermaydi.

Shunga qaramay, bank yaxshi o‘sishni ko‘rsatmoqda. Bir yil ichida Octobank aktivlari bo‘yicha 25-o‘rindan 21-o‘ringa ko‘tarildi (3,2 trln so‘mdan 12,2 trln so‘mgacha o‘sish). Depozit portfeli besh barobardan ko‘proqqa — 1,9 trln so‘mdan 10,8 trln so‘mgacha (asosan yuridik shaxslar mablag‘lari hisobiga) ko‘paydi, kredit portfeli esa 190 mlrd so‘mdan 495 mlrd so‘mga o‘sdi. Biroq ijobiy dinamikaga qaramay, bankning 1,8 mlrd dollarlik bahosi sektorning yirikroq o‘yinchilarining bozor kotirovkalari bilan sezilarli darajada farq qiladi. Taqqoslash uchun: «Ipoteka-bank» (aktivlari bo‘yicha oltinchi o‘rin) reytingda 8,1 trln so‘m (666 mln dollar) baho bilan beshinchi o‘rinni egalladi.

Nominal narxdagi Xalq banki

Reytingimizdagi ikkinchi o‘rinni RFBda aksiyalari bilan bitimlar qayd etilmagan Xalq Banki egallab turibdi. Aksiyalarning nominal qiymati bo‘yicha bankning kapitallashuvi 11,5 trln so‘mga (0,95 mlrd dollar) teng. Milliy investitsiya fondi (UzNif) portfeliga bank aksiyalarining 30 foizi kiradi. Bu shuni anglatadiki, kutilayotgan UzNif IPO’si investorlar uchun Xalq bankiga alternativ yo’l bo‘lib xizmat qiladi va uning tarixining bir qismiga aylanish imkonini beradi.

Shunga o‘xshash kutilmalar reytingda 6-o‘rinni egallagan SQB bo‘yicha ham mavjud bo‘lib, uning ham 30% paketi UzNif portfelida. Xalq Bankidan farqli o‘laroq, SQB oddiy va imtiyozli aksiyalari faol savdo qilinmoqda.

Likvidlik qayerda yashaydi

Boshqa UzNif aksiyalariga bo‘lgani kabi SQBga qiziqish ham 2026-yilda fondning IPO’sini o‘tkazish rejalari e’lon qilinganidan so‘ng ortdi. 2025-yil 1-dekabrdan 20-fevralgacha oddiy qog‘ozlar 10,85 so‘mdan 32 so‘mgacha, ya’ni uch barobar o‘sdi. Emitent yana shu bilan e’tiborga loyiqki, u «Ipoteka-bank»dan keyingi nazorat paketi xususiylashtiriladigan navbatdagi nomzoddir.

«Hukumat hozirda o‘z resurslari va islohotlar borasidagi sa’y-harakatlarini O‘zbekistonning uchinchi yirik banki bo‘lgan SQBni xususiylashtirishga qaratmoqda. Xususiylashtirilishi e’lon qilingan banklar orasida SQB boshqaruv va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimlarini mustahkamlagan holda tijoratga yo‘naltirilgan biznes modeliga o‘tish bo‘yicha eng ko‘p ilgarilab ketdi. Franklin Templeton kompaniyasi tomonidan boshqariladigan UzNif ishtiroki SQB transformatsiyasini yanada jadallashtirib, uning potensial strategik investorlar uchun jozibadorligini oshirishi kutilmoqda», — deyiladi Fitch xalqaro agentligining O‘zR bank sektori bo‘yicha yaqinda e’lon qilingan hisobotida.

Birjada SQB aksiyalari dinamikasi haqiqiy qiziqish bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda: birja muntazam ravishda bank aksiyalarini yuqori likvidli qog‘ozlar ro‘yxatiga kiritadi. Masalan, 23-fevral kuni oddiy aksiyalar bo‘yicha bitimlar hajmi qariyb 22 mln so‘mni tashkil etdi (718 ming dona qog‘oz sotib olingan), bu RFB uchun yaxshi natija hisoblanadi. Joriy kotirovkalar bo‘yicha bozor SQBni 7,8 trln so‘mga ($640 mln) baholamoqda.

8 trln so‘mdan 9 trln so‘mgacha bo‘lgan uchlik

Reytingda uchinchi o‘rinni 9,1 trln so‘m ($750 mln) kapitallashuvga ega bo‘lgan «Trastbank» saqlab turibdi. U aktivlari bo‘yicha 18-o‘rinda bo‘lsa-da, birja savdolarida ham barqarorlikni namoyish etmoqda. Yil boshidan beri eng yirik kunlik hajm 18,4 mln so‘m darajasida qayd etilgan. Undan keyingi o‘rinda kapitallashuvi 8,3 trln so‘m ($683 mln) bo‘lgan va aktivlari bo‘yicha 12-o‘rinni egallab turgan «Ipak yo‘li» banki bormoqda. Uning qog‘ozlari bo‘yicha yil boshidan beri faollik cho‘qqisi 19-yanvar kuni qariyb 60 mln so‘m hajm bilan kuzatildi.

Beshinchi o‘rinni 8,1 trln so‘m ($666 mln) kapitallashuv bilan «Ipoteka-bank» band etgan. Bu bozordagi eng dinamik keyslardan biri: bank (aktivlari bo‘yicha 6-o‘rin) zararlardan muvaffaqiyatli chiqib ketib, 2025-yilda BHMS (Buxgalteriya hisobining milliy standartlari) bo‘yicha deyarli 400 mlrd so‘m sof foyda ishladi (oldingi yildagi zararga nisbatan). Bank aksiyalari dekabr oyida yuqoriga ko‘tarilib, 1,13 so‘mdan 2,1 so‘mgacha o‘sishni ko‘rsatdi. OTP Group bilan bitim tuzilmasi alohida intriga bag‘ishlaydi: 2023-yilda aksiyalarning 75 foizi sotib olingandan so‘ng, qolgan 25 foizi uch yildan keyin — aynan 2026-yilda sotib olinishi kerak.

8 trln so‘mgacha bo‘lgan katta banklar

Ro‘yxatda yettinchi o‘rinni 7,5 trln so‘m ($622 mln) kapitallashuv bilan Hamkorbank egalladi. Bank (aktivlari bo‘yicha 9-o‘rin) shuni bilan e’tiborga loyiqki, uning qog‘ozlari kotirovkalari so‘nggi paytlarda ishonchli o‘sishni ko‘rsatmoqda: 1-dekabrdan 20-fevralgacha ular 38,87 so‘mdan 58 so‘mgacha ko‘tarildi. Bankning moliyaviy ko‘rsatkichlari (2025-yilda sof foyda bo‘yicha 4-o‘rin) va xalqaro listingga yo‘naltirilganlik drayver bo‘lib xizmat qilmoqda — bozorda bankning xalqaro bahosi mahalliy bahodan yuqori bo‘lishi haqida kutilmalar shakllangan. Shuningdek, o‘tgan yili bank o‘z tarixida birinchi marta oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘ladi.

Sakkizinchi o‘rinda yaxshi o‘sishni namoyish etayotgan «Agrobank» joylashgan, uning kapitallashuvi 6,7 trln so‘m ($550 mln). 2025-yilda bank kredit portfelining o‘sishi bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinni egalladi, u 59,4 trln so‘mdan 81,1 trln so‘mgacha ko‘paydi. Bu «Agrobank»ka (aktivlari bo‘yicha 2-o‘rin) portfel summasi bo‘yicha SQBni ikkinchi o‘rindan siqib chiqarish imkonini berdi. Uning qog‘ozlari bilan bitimlar har kuni amalga oshiriladi, lekin «Trastbank» yoki «Ipak yo‘li»dan farqli o‘laroq, hajmlar kamtarona bo‘lib qolmoqda — fevral oyida eng yuqori kunlik ko‘rsatkichlar 3–4 mln so‘mgacha yetdi. To‘qqizinchi qatorni kichik kunlik aylanma bilan har kuni savdo qilinadigan emitentlar qatoriga kiruvchi «Mikrokreditbank» (6,3 trln so‘m) egallab turibdi.

Bir trln so‘mdan besh trln so‘mgacha

Kapitallashuvi 1 trln so‘mdan 5 trln so‘mgacha bo‘lgan banklar beshligini 4,6 trln so‘m ($375 mln) baho bilan Biznesni rivojlantirish banki boshqarmoqda. Aktivlar bo‘yicha 8-qatorni egallagan ushbu bank 2026-yil boshidan beri 12 mln so‘mgacha bo‘lgan eng yuqori kunlik savdo hajmini ko‘rsatmoqda. Muassasaning moliyaviy ko‘rsatkichlari ham yaxshi: 2024-yildagi 2,2 trln so‘mlik zarardan so‘ng, 2025-yilda bank 503 mlrd so‘m foydani qayd etdi. Undan keyingi 12-o‘rinda 2,4 trln so‘m ($200 mln) baho bilan xususiy «Garant bank» bormoqda. Kamtarona aktivlar (26-o‘rin) va kichik kunlik aylanmaga (2,6 mln so‘mgacha) qaramay, bank qog‘ozlari 142,7 foizga qimmatlashib, 2025-yilda o‘sish yetakchilaridan biriga aylandi.

Ushbu guruhdagi navbatdagi ishtirokchilar davlat ulushiga ega bo‘lgan Aloqabank (13-o‘rin), uning bahosi 2,3 trln so‘m ($185 mln) va Turonbank (16-o‘rin), bahosi 1,03 trln so‘m ($84 mln). Aloqabank (aktivlari bo‘yicha 10-o‘rin) qog‘ozlari bilan bitimlar bo‘yicha faollik sezilarli darajada yuqori — kunlik aylanma 60 mln so‘mga yetgan. Shu bilan birga, aksiyalar nominaldan past narxda sotilmoqda (1 so‘mlik nominalda 0,7 so‘m), 2025-yildagi sof foyda bo‘yicha esa bank 17-o‘rinni egallagan.

«Turonbank» (aktivlari bo‘yicha 13-o‘rin) yanvar-fevral oylarida kotirovkalarning 924 so‘mdan 1055 so‘mgacha o‘sishini ko‘rsatdi. So‘nggi oylarda maksimal kunlik savdo aylanmasi 10 mln so‘mdan oshmadi. E’tiborlisi, bankning foydasi (24,9 mlrd so‘m) aktivlar bo‘yicha reytingdagi «qo‘shnilaridan» deyarli 10 barobar kam bo‘lsa-da, aksiyalari qimmatlashishda davom etmoqda.

Guruhdagi oxirgi «haqiqiy» emitent — 1,02 trln so‘m ($83,8 mln) baho bilan 17-o‘rinni egallagan Universalbank. Aktivlar bo‘yicha 25-o‘rinda bo‘lgan bank o‘tgan yili 240,9 mlrd so‘m foyda ko‘rdi, uning birjadagi aksiyalari narxi nominal qiymatidan ikki baravar yuqori..

«Uxlayotgan» gigantlar va nominal baholar

«Xalq banki»dan tashqari, yana bir nechta «o‘yinchilar» listingda faqat nominal ravishda mavjud bo‘lib, ularning kapitallashuvini adolatli bozor bahosi deb atash qiyin. Ushbu guruhga aktivlari va fundamental ko‘rsatkichlari kuchli, biroq birjada faol bo‘lmagan banklar kiradi.

Kapitalbank: mamlakatning eng yirik xususiy banki (aktivlari bo‘yicha 5-o‘rin). Garchi 2024-yildagi so‘nggi bitim nominal qiymatdan yuqori narxda amalga oshirilgan bo‘lsa-da, erkin muomaladagi aksiyalarning (free-float) yo‘qligi bozorga bankning haqiqiy qiymatini xolis baholash imkonini bermaydi.

Orient Finans Bank (OFB): aktivlar bo‘yicha respublikada 14-o‘rinni egallaydi. Uning oddiy aksiyalari bo‘yicha RFBdagi oxirgi bitim 2021-yilda, o‘shanda ham nominaldan ikki barobar arzon narxda o‘tgan. Binobarin, ushbu bankning birja kapitallashuvini haqiqiy bozor qiymati sifatida qabul qilib bo‘lmaydi.

InFinBank: aktivlari bo‘yicha 16-o‘rin. Kotirovkalar 2020-yilda nominal narx darajasida muzlab qolgan.

Tenge Bank: Qozog‘istonning Halyk bankining sho‘ba tuzilmasi aktivlari bo‘yicha 23-o‘rinni egallaydi, biroq uning aksiyalari bo‘yicha birjada umuman bitimlar o‘tkazilmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston banklarining jismoniy shaxslar depozit portfeli bo‘yicha reytingini e’lon qilgan edi. O‘zbekistonda foiz stavkalari jozibadorligini saqlab qolayotgani sababli, 2025-yilda banklarning jami depozit portfeli uchdan bir qismga – salkam 108,6 trillion so‘mga o‘sdi. Biroq bu ulkan mablag‘ barcha banklar o‘rtasida birdek taqsimlanmagan. 

Shuningdek