Termizdan Istanbul va Dubayga yangi reyslar ochiladi

Termiz – Istanbul va Termiz – Dubay yo‘nalishlarida yangi aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda qayd etildi.
Hozir Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Sherobod va Boysundan har kuni 100 mingga yaqin aholi viloyat markaziga yengil mashinalarda qatnab kelmoqda. Surxondaryoga olib kelinayotgan 125 ta avtobus, avvalo, shu yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi.
Yil oxirigacha Muzrabot tumanidagi 56 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Shuningdek, Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlarida kanalizatsiya loyihalari boshlanadi.
«Mustaqillikning 25 yilligi» gazni qayta ishlash majmuasidagi murakkab texnologik masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani ma’lum qilindi.
Prezident ta’kidlashicha, avariya holatlari bartaraf etilib, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan yangi loyiha ham ishga tushiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyatda yerni auksiondan olgan tadbirkorlarga 10 yilga 14 foizli kredit ajratilishi xabar qilingandi. Shuningdek, har 10 gektarga suv olib kelish uchun 120 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.