Noqonuniy poyga uchun javobgarlik, arzonlagan Cobalt narxlari, BMW urib yuborgan inspektor vafoti — 27-fevral kungi muhim yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 27-fevral kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.
Noqonuniy poygalar uchun javobgarlik joriy etilishi mumkin

Yo‘llarda noqonuniy poygalar tashkil etish va ularda ishtirok etganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda avtomobil yo‘llarida o‘tkazilayotgan noqonuniy poygalar yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Bunday holatlar nafaqat jamoat tartibini buzmoqda, balki og‘ir yo‘l-transport hodisalari va inson o‘limigacha olib kelayotgan salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Stranja turniri: o‘zbekistonlik 9 nafar bokschi navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi

Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boks bo‘yicha Stranja xalqaro turniri davom etmoqda. 26-fevral kuni o‘tkazilgan janglarda O‘zbekistonning 9 nafar vakili g‘alaba qozondi, 3 nafar bokschi esa mag‘lubiyatga uchradi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.
Xorazmlik yosh ijrochiga prezident sovg‘asi BYD Chazor topshirildi
24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev oldida jonli ijro qilgan o‘quvchi Otamurod Rayimboyev va’daga muvofiq avtomobil bilan taqdirlandi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Rayimboyev Urganch tumanidagi 11-son bolalar musiqa va san’at maktabining 4-sinfida o‘qiydi. Tadbir davomida Komiljon Otaniyozov repertuaridan qo‘shiq ijro qilib, yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirgan. Davlat rahbari uning iste’dodini e’tirof etib, mas’ullarga sovg‘a sifatida avtomobil ajratish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
O‘zbekiston pomidorlari asosan Rossiya va qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda

O‘zbekiston 2025-yilda 12 ta xorijiy davlatga umumiy qiymati $36 mlnga teng bo‘lgan 45,2 ming tonna pomidor eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yildagi pomidor eksporti hajmi 2024-yilgi ko‘rsatkichlardan 3,3 ming tonnaga qisqargan. Shunga qaramay, mahsulotning asosiy qismi an’anaviy bozorlarga yo‘naltirilgan. Xususan, O‘zbekiston pomidorlarining eng yirik xaridori Rossiya bo‘lib, yil davomida bu davlatga 32 ming tonna mahsulot yetkazib berilgan.
Transport tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar boshlandi — Saida Mirziyoyeva

O‘zbekistonda transport tizimini modernizatsiya qilishga oid prezident qarori ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Toshkentda o‘tkazilgan taqdimotda tirbandliklarni kamaytirish va jamoat transportini boshqarishning yangi mexanizmlari namoyish etildi.
Mazkur loyiha ijrosi uchun maxsus tuzilgan Yo‘l harakatini tashkil etish markazida Toshkent shahridagi tirbandliklar va ekologiya masalalarini hal qilishga qaratilgan taqdimot o‘tkazildi. Unda poytaxtning umumiy jamoat transporti nazoratini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha strategik rejalar belgilab olindi.
Surxondaryoda 5 mlrd dollarlik 8 mingdan ortiq loyihalar ishga tushirilgan — prezident

So‘nggi yillarda Surxondaryoda $5 mlrdlik 8 mingdan ortiq loyihalar ishga tushirilgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda qayd etildi.
Xitoy, AQSh, Rossiya, Hindiston, Avstriya va Vengriya bilan investitsiya hamda savdo yo‘nalishida yana $10 mlrdlik kelishuvlarga erishilgan.
To‘qqiz yil ichida maktabgacha ta’lim qamrovi 28 foizdan 68 foizga oshdi. 23 ta yangi maktab qurilib, 448 tasi ta’mirlandi. Natijada 102 ming qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Hududda 688 ta ko‘p qavatli uy bunyod etilib, ularga 32 ming oila ko‘chib o‘tdi. Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlarida «Yangi O‘zbekiston» massivlari barpo etildi.
Kredit hamda subsidiya evaziga pora talab qilgan shaxslar qo‘lga olindi

Buxoro va Sirdaryoda kredit hamda subsidiya evaziga pora talab qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Buxoro viloyatida AT «Xalq banki»ning Romitan tuman standart bank xizmatlari markazi sho‘ba mudiri xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroga boshqa tijorat bankidagi tanishlari orqali 800 mln so‘m kredit olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u $2 ming talab qilgan.
Termiz xalqaro savdo markazida qo‘shimcha 10 ming ish o‘rni yaratiladi

Termiz xalqaro savdo markazida qo‘shimcha 10 ming ish o‘rni yaratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda qayd etildi.
Tadbirkorlar va investorlar markaz hududida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish tashabbusi bilan chiqqan. Shu bois savdo markazi maydonini 1 ming gektarga yetkazish belgilandi.
Mutasaddilarga joriy yilda eksportni $600 mlnga, kelasi yilda esa $1 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Yangi loyihalar hisobiga savdo hajmi va tashrif buyuruvchilar soni bir necha baravar oshishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan hududda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida maxsus prokuratura va ichki ishlar bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Chevrolet Cobalt avtomobilining narxi qanchaga pasaydi

You Tube’dagi SardorbekUz kanali Chiroqchi avtomobil bozoridagi narxlarni o‘rgandi. Videodan ko‘rish mumkinki, Chevrolet Cobalt narxlari sezilarli pasaygan.
Mexanik uzatmali Cobalt
Bozordagi eng faol segment mexanik uzatmali Cobalt bo‘ldi. 2020-yilgi, 110 ming km yurgan, toza kraskali, to‘rtinchi avlod metan gaz uskunasi o‘rnatilgan variant 105 mln so‘mga taklif qilindi. Egasi naqd savdoga tayyor, shuningdek yarim pulini berib ikki-uch oy nasiya qilishga ham rozi ekanini bildirgan.
10-sinf o‘quvchisi BMW’da urib yuborgan YPX inspektori vafot etdi

Joriy yil 25-fevral kuni soat 21:48 atrofida Toshkent shahrida xizmat vazifasini bajarayotgan Yo‘l patrul xizmati (YPX) inspektori kichik serjant Xosilbek Eshnazarov yo‘l-transport hodisasi oqibatida og‘ir tan jarohatlari oldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi BMW rusumli avtomobil inspektorni urib yuborgan. Uch kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan ichki ishlar organi xodimi ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay vafot etdi.
O‘zbekistonda 1-martdan jarima xatlari pochta orqali yuborilmaydi
1-martdan boshlab yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun rasmiylashtiriladigan jarima xatlari endi pochta orqali yetkazilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston pochtasi aksiyadorlik jamiyati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu xizmatning to‘xtatilishiga Ichki ishlar vazirligi huzuridagi «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish davlat muassasasi bilan 2026-yil uchun shartnoma tuzilmagani sabab bo‘lgan. Natijada YHXX tomonidan shakllantiriladigan ma’muriy bayonnomalar pochta orqali qabul qilinmaydi va yetkazib berilmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 26-fevral kungi muhim yangiliklar dayjesti haqida yozgandi.