
Italiyaning mashhur sportkar ishlab chiqaruvchisi Lamborghini to‘liq elektr superkarni ommaviy ishlab chiqarish rejasini bekor qildi. Bu haqda Thesupercarblog xabar berdi.
2023-yilda taqdim etilgan Lamborghini Lanzador konsepti seriyali modelga aylanmaydi.
Kompaniya rahbariyati endilikda strategik yo‘nalishni gibrid texnologiyalarga qaratmoqda. Brend prezidenti Stephan Winkelmann ta’kidlashicha, muxlislar orasida sof elektromobillarga qiziqish juda past. Uning so‘zlariga ko‘ra, Lamborghini ishqibozlari uchun dvigatel ovozi va hissiy tajriba muhim ahamiyatga ega.
Kompaniya ichki baholashlariga ko‘ra, to‘liq elektr model ishlab chiqish yuqori xarajat talab qilishi va talab past bo‘lgani sabab iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamasligi mumkin.
Rejaga ko‘ra, 2030-yilga borib Lamborghini model qatori to‘liq plug-in gibrid avtomobillardan iborat bo‘ladi. Bu texnologiya elektr motorning tezkor javobi va quvvatini an’anaviy ichki yonuv dvigateli bilan uyg‘unlashtiradi. Rahbariyat fikricha, aynan shu yondashuv brendning sport ruhini saqlab qolish imkonini beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan MG yangi gibrid avtomobilini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.