
O‘zbekiston terma jamoasi nufuzli Strandja Tournament musobaqasi finallarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, uchta oltin va ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Boks federatsiyasi xabar berdi.
75 kilogramm vazn toifasida Fazliddin Erkinboyev finalda Rami Kivanga qarshi ringga chiqdi. Jang davomida Erkinboyev tashabbusni qo‘ldan bermadi va yakunda hakamlar yakdil qarori bilan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
85 kilogramm vazn toifasida Akmaljon Isroilov ukrainalik Matviy Rojba bilan to‘qnash keldi. O‘zbekistonlik bokschi jangni to‘liq nazorat qildi va 5:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
90 kilogramm vazn toifasida Turabek Habibullayev ukrainalik Bogdan Tolmachyovga qarshi bahs olib bordi. Habibullayev aniq zarbalari va puxta himoyasi evaziga 5:0 hisobida ustun keldi va yana bir oltin medalni jamoa hisobiga qo‘shdi.
80 kilogramm vazn toifasida Javohir Ummataliyev keskin kechgan jangda ukrainalik raqibiga 3:2 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalandi.
+90 kilogramm vaznda Ozodbek Aliyev britaniyalik Damar Thomasga qarshi ringga chiqdi. Aliyev munosib qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani vitse-chempion sifatida yakunladi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi umumiy hisobda yettita oltin, to‘rtta kumush va oltita bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik qilichbozlar Osiyo chempionatida kumush medalini qo‘lga kiritgani haqida yozgandi.