
MWC 2026 ko‘rgazmasi doirasida Xiaomi o‘zining ilk giperkari — Xiaomi Vision Gran Turismo modelini namoyish qildi. Biroq avtomobil hozircha faqat raqamli formatda mavjud. Bu haqda ArenaEV nashri xabar berdi.
Vision Gran Turismo mashhur poyga simulyatori — Gran Turismo uchun maxsus ishlab chiqilgan. Shunga qaramay, loyiha ustida ishlagan dizaynerlar jamoasi unga real avtomobil darajasidagi muhandislik yondashuvini qo‘llagan.

Model tomondan qaralganda tomchi shaklini eslatadi, kokpit esa havo kanallari tizimiga uyg‘unlashtirilgan. Aerodinamik ko‘rsatkichlar ham e’tiborga molik — qarshilik koeffitsiyenti 0,29 ga teng. Giperkarga Active Wake Control tizimi va g‘ildiraklar atrofidagi havo oqimini boshqaruvchi maxsus Accretion Rims diskalari o‘rnatilgan.

Gran Turismo seriyasi yaratuvchisi Kazunori Yamauchi ushbu modelni «yangi davr mezoni» deya ta’rifladi.
Salon dizayni Sofa Racer konsepsiyasi asosida yaratilgan: old panel, eshiklar va o‘rindiqlar yagona silliq kontur hosil qilib, lounge hududini eslatadi. Avtomobil Xiaomi’ning «Inson – Mashina – Uy» ekotizimiga to‘liq integratsiyalashgan. Asosiy innovatsiya — Xiaomi Pulse interfeysi bo‘lib, u haydovchi bilan ovoz va yorug‘lik orqali muloqot qiladi.

Raqamli giperkardan tez orada PlayStation konsollarida foydalanish mumkin bo‘ladi. Xiaomi muhandislari ta’kidlashicha, Vision Gran Turismo ustida ishlash jarayonida yaratilgan faol aerodinamika va sun’iy intellekt interfeyslari kelajakdagi seriyali elektromobillar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17 Ultra Leica Edition yangi rangda taqdim etilgani haqida yozgandi.