Bahorning ilk haftasi qanday ob-havo bilan boshlandi

1–8-mart kunlari respublika hududlarida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, ayrim viloyatlarda yog‘ingarchilik kuzatiladi, ba’zi hududlarda esa iliq harorat saqlanib turadi. Bu haqda «Oʻzgidromet» xabar berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmda bugun, 2-martdan boshlab yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechalari havo harorati dastlab 0–5 daraja sovuq atrofida bo‘ladi, hafta o‘rtalariga borib asta-sekin iliqlashadi. Kunduz kunlari 0–7 daraja iliqdan 6–11 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida 1–6-mart kunlari ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi, 7–8-mart kunlari esa yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Kunduzgi harorat asosan 10–17 daraja iliq bo‘ladi. Navoiy viloyatining shimoliy hududlarida esa tunlari ayrim kunlari sovuq kuzatilishi mumkin.
Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 2-martdan boshlab ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Harorat kechalari 1–8 daraja iliq, kunduzlari esa 9–17 daraja iliq oralig‘ida bo‘ladi.
Qashqadaryo va Surxondaryoda 2–8-mart kunlari ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kunduzgi harorat 20–25 daraja iliqqacha ko‘tarilib, bahor nafasi yaqqol seziladi. Keyingi kunlarda harorat biroz pasayib, 13–18 daraja atrofida bo‘ladi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 2-martdan boshlab vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol tezligi 5–10 m/s bo‘ladi, 3-mart kuni ayrim joylarda 13–18 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor. Kunduzgi harorat asosan 10–17 daraja iliqni tashkil etadi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda esa hafta davomida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor yog‘adi, ayrim joylarda tuman tushishi mumkin. Harorat kechalari 2–7 daraja sovuqdan 2–3 daraja iliqqacha, kunduzlari esa 2–7 daraja iliqdan ayrim kunlari 2 daraja sovuqgacha o‘zgarib turadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri bahorning ilk kunida O‘zbekistonning qaysi hududlarida qor yog‘ishi haqida yozgandi.