Markaziy bankdan yangi talab: o‘tkazmalarda maqsadni ko‘rsatish majburiy bo‘lishi mumkin

Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga yangi ko‘rsatma yuborgani aytilmoqda. Endilikda mobil ilovalar orqali pul o‘tkazilganda foydalanuvchi o‘tkazma maqsadini majburiy tartibda tanlashi kerak bo‘ladi.
Kursiv Uzbekistan Markaziy bank matbuotidan ushbu xabarlarga izoh so‘radi. Regulyatorning tahririyatga ma’lum qilishicha, bu texnik yaxshilatishga qaratilgan bo‘lib, servis ishini takomillashtirish va operatsiyalarning to‘g‘ri qayta ishlanishini ta’minlashga qaratilgan. Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar mobil ilovaning standart ishlash jarayoni doirasida qayta ishlanadi va uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.
Hozircha ayrim bank ilovalarida bu talab ishga tushirilgan. Ba’zilarida esa hali yo‘q. Regulyator yaqin kunlarda barcha mobil ilovalarda ushbu funksiyani joriy etishni talab qilgan. Pinkod.uz talab bajarilmasa, choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirish berilganini yozgan.
Yuborilgan ko‘rsatmaga ko‘ra, o‘tkazma maqsadlari 16 turga ajratilgan. Foydalanuvchi pul jo‘natishda ushbu ro‘yxatdan birini tanlashi lozim bo‘ladi.

«Bank va mijoz» Telegram-kanalining yozishicha, mazkur yangilik ayrim savollarni ham keltirib chiqardi. 2020-yilda Davlat soliq qo‘mitasi mijozlarning P2P o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumot olishga harakat qilgan, biroq bu tashabbus amalga oshmagan edi. 2022-yilda esa DSQ rahbariyatidan biri kelgusida P2P ko‘rinishidagi yashirin iqtisodiyot holatlari o‘rganilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Mutaxassislar fikricha, yangi talab o‘tkazmalarni shaffoflashtirish va pul oqimlarini yaxshiroq tahlil qilishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Ayrim kuzatuvchilar esa kelgusida o‘tkazmalarga limitlar joriy etilishi ehtimolini ham inkor etmayapti.
Ismi sir saqlanishini istagan bank rahbarlaridan birining «Kursiv»ga ta’kidlashicha, vaqt o‘tishi bilan bunday maydon yirik to‘lovlar uchun majburiy qilinishi mumkin. Chunki kichik to‘lovlarda to‘lov maqsadi deyarli hech kimga qiziq emas. Markaziy bank yaqinda to‘lov summalari bo‘yicha tahlil e’lon qilgan edi. Unda to‘lovlarning 90% kichik summalardan iborat ekani ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda 69,2 mln dona bank kartasi muomalada ekanligi haqida yozgan edi.