O‘zbekistonda ayrim hollarda kriptovalyuta to‘lovlariga ruxsat berilishi mumkin

O‘zbekistonda ayrim hollarda kriptovalyuta to‘lovlariga ruxsat berilishi mumkin. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kriptovalyuta xizmatlari reklamasi bo‘yicha talablarni o‘zgartirdi.
Yangi tahrirga ko‘ra, kompaniyalar reklamada kriptoaktivlar O‘zbekistonda to‘lov vositasi emasligini, albatta, ko‘rsatishi shart. Biroq hujjatda «qonunchilik hujjatlarida belgilangan ayrim hollar bundan mustasno» degan izoh paydo bo‘ldi. Bu esa ayrim vaziyatlarda kripto orqali to‘lovlarga ruxsat berilishi mumkinligini anglatadi.
Shu bilan birga, mavjud cheklovlar saqlanib qolgan. Reklamada kriptoaktivlar bo‘yicha yuqori daromad va tez boyish va’dasi berish taqiqlanadi. Xavf-xatarlar, mablag‘ni to‘liq yo‘qotish ehtimoli va davlat kafolati mavjud emasligi haqida ogohlantirish majburiy bo‘ladi.

Yangi tartibda «asoslantirilgan mulohaza» tushunchasi ham joriy etildi. Bu litsenziya beruvchi organning professional bahosi bo‘lib, u masalaning shakliy tomoniga emas, balki real mazmuniga tayanadi. Agentlik nazorat jarayonida olingan ma’lumotlar, xorijiy regulyatorlar, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar hamda jismoniy va yuridik shaxslardan olingan axborot asosida shunday xulosaga kelishi mumkin.
Mazkur motivatsiyalangan xulosa kriptoxizmat ko‘rsatuvchi provayderga litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘la oladi.
2022-yildan boshlab kriptoaktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatish faqat alohida litsenziya asosida amalga oshiriladi. Kriptobirja, kriptodo‘kon, kriptodepozitariy va mayning-pul xizmatlarini faqat O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar ko‘rsatishi mumkin. Har bir faoliyat turi uchun alohida litsenziya talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, kriptoaktivlar xizmatlarini litsenziyalashda yangi mexanizm qo‘llanilgani haqida yozgan edi.