O‘zbekistonliklar mart oyida necha kun dam oladi

O‘zbekistonda mart oyida nishonlanadigan Xalqaro xotin-qizlar kuni va Navro‘z bayrami munosabati bilan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi. Bu haqda Bandlik vazirligi xabar bermoqda.
Joriy yilning 8-mart sanasi yakshanba kuniga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga asosan, bayram dam olish kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Shu sababli, 9-mart – dushanba kuni barcha xodimlar uchun dam olish kuni hisoblanadi.
Shuningdek, 21-mart Navro‘z bayrami shanba kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli, haftasiga 5 kun ishlovchilar uchun 23-mart, dushanba kuni qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilandi. Haftasiga 6 kun ishlovchi fuqarolar uchun esa 23-mart odatiy ish kuni bo‘lib qoladi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, Ramazon hayiti bayrami ham aynan ushbu dam olish kunlari arafasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Agar hukumat tomonidan yana qo‘shimcha dam olish kunlari e’lon qilinsa, tegishli tartibda qo‘shimcha rasmiy ma’lumot beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda 2026-yilgi Ramazon oyi va Qurbon hayiti sanalari aytilgani haqida xabar bergan edi.