Eronda hujum oqibatida halok bo‘lgan 165 nafar maktab o‘quvchisi dafn qilindi

Eron janubidagi Minob shahrida boshlang‘ich maktabga uyushtirilgan zarba oqibatida halok bo‘lgan 165 nafar o‘quvchi qiz va maktab xodimlari uchun dafn marosimi o‘tkazildi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.
Eron rasmiylariga ko‘ra, hodisa shanba kuni AQSh va Isroil tomonidan amalga oshirilgan qo‘shma hujumlar doirasida sodir bo‘lgan. Zarba janubdagi Minob shahridagi qizlar maktabiga berilgani aytilmoqda.
Eron davlat televideniyesi minglab odamlar Minob markaziy maydoniga to‘planganini namoyish etdi. Motam ishtirokchilari mamlakat bayroqlarini ko‘targan, ayrimlar esa halok bo‘lgan o‘quvchilarning suratlarini ushlab turgan. Marosim davomida AQSh va Isroil siyosatiga qarshi shiorlar yangradi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi ushbu hujumda AQSh va Isroilni ayblab, bu voqeani «begunoh bolalarning qirg‘ini» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, zarba oqibatida maktab o‘quvchilarining jasadlari jiddiy shikastlangan.
Shu bilan birga, Isroil harbiylari mazkur hududda Isroil yoki AQSh tomonidan hujum uyushtirilgani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio esa jurnalistlar savoliga javoban, agar zarba AQSh tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, tegishli idoralar tomonidan tekshiruv o‘tkazilishini aytgan va Qo‘shma Shtatlar maktabni ataylab nishonga olmasligini ta’kidlagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eronda qurbonlar soni 555 nafarga yetgani haqida yozgandi.