
Angliya Premyer-ligasining 29-turida musobaqa jadvalining so‘nggi o‘rnida borayotgan «Vulverhempton» amaldagi chempion «Liverpul»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi. Uchrashuvning 78-daqiqasida Rodrigo Gomes mezbonlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 83-daqiqada Muhammad Saloh hisobni tenglashtirdi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan to‘rtinchi daqiqada Andrening kiritgan goli «Bo‘rilar»ga g‘alaba keltirdi.
Arne Slot boshchiligidagi «Liverpul» joriy mavsumda beshinchi marta hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda o‘tkazib yuborilgan gol evaziga mag‘lubiyatga uchramoqda. Bu Premyer-liga tarixidagi bir mavsum uchun qayd etilgan eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Ayni paytda «Liverpul» 51 ochko bilan 5-o‘rinni egallab turibdi.

«Vulverhempton» uchun bu mavsumdagi atigi uchinchi, ammo so‘nggi besh kun ichidagi ikkinchi g‘alaba bo‘ldi. Jamoa hamon jadvalning so‘nggi pog‘onasida bormoqda va xavfsiz hududdan 11 ochko ortda qolmoqda. Bosh murabbiy Rob Edvards shogirdlari o‘z maydonidagi so‘nggi uchta o‘yinda «Liverpul» va «Aston Villa»ni mag‘lub etib, «Arsenal» bilan durang o‘ynadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chempionlar ligasi doirasida «Liverpul» o‘z uyida tor-mor etilgani haqida xabar bergan edi.