Poytaxt avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanadi

eʼlon qilindi
Toshkentdagi bekatlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildi
Poytaxt avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanadi / Foto: Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahrida jamoat transporti infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha aniq reja asosida ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yo‘lovchi oqimi ortib borayotgani sababli poytaxtda bekatlarni tartibga solish va yangilash ishlari davom etmoqda. Bu jarayon Raqamli transport markazi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

YHTEM mutaxassislari tomonidan shaharning eng tirband 472 kilometr avtomobil yo‘llari aniqlanib, ustuvor yo‘nalishlarda ishlar boshlangan. Birinchi bosqichda 100 kilometr hudud qamrab olinib, 360 dan ortiq bekat hamda 190 ta chorraha xatlovdan o‘tkazildi.

Audit natijalariga ko‘ra, 110 ta bekat hududida savdo obyektlari joylashgani aniqlangan. Ulardan 61 tasi bekat majmuasiga egalik yoki foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan. Mazkur holatlar yuzasidan huquqiy choralar ko‘riladi.

Shahar ma’muriyati qaroriga asosan barcha bekatlar bosqichma-bosqich yangilanadi. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarga savdo nuqtalarini boshqa hududga ko‘chirish orqali kompensatsiya mexanizmi qo‘llanadi.

Zamonaviy yondashuvga ko‘ra, bekatlar savdo obyektlaridan xoli bo‘lishi, platformalar yetarli kenglikda tashkil etilishi hamda yo‘lovchilar uchun xavfsiz va inklyuziv muhit yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda noqonuniy elektr quvvatlash shoxobchalari aniqlangan edi.

Shuningdek