Meksikalik narkobaron El Mencho oltin tobutda dafn etildi

eʼlon qilindi
Orkestr sadolari ostida
Meksikalik narkobaron El Mencho oltin tobutda dafn etildi / Foto: i.haqqin.az

Meksikadagi yirik «Yangi avlod Xalisko» karteli yetakchisi El Mencho nomi bilan tanilgan shaxs oltin tobutda dafn etildi. Vidolashuv marosimi qarindoshlari va yaqinlari ishtirokida orkestr musiqasi sadolari ostida bo‘lib o‘tdi.

Oq katafalk kuzatib borgan avtomobillar karvoni peshin atrofida Resinto-de-la-Pas qabristoniga yetib keldi. Mashina qizil atirgullardan yasalgan xo‘roz shaklidagi gul kompozitsiyasi bilan bezatildi. El Mencho xo‘roz urishtirishga qiziqqani sababli ushbu ramz bilan bog‘langan, hatto uni «Señor de los gallos» («Xo‘roz janglari qiroli») deb ham atashgan.

Dafn kuni qabriston hududida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Ko‘chalarda milliy gvardiya, armiya va politsiya bo‘linmalari navbatchilik qildi, marosim yo‘nalishi bo‘ylab blokpostlar o‘rnatildi.

Avvalroq El Menchoning o‘limi Meksikada keng ko‘lamli tartibsizliklarni keltirib chiqargan edi. Bir nechta shtatlarda qurolli to‘qnashuvlar yuz berdi, yuzlab blokpostlar paydo bo‘ldi, hukumat «qizil kod» e’lon qilib, jamoat transporti harakatini to‘xtatdi. Shahar aholisi vaziyat barqarorlashgunga qadar uyda qolishga chaqirildi.

Meksika xavfsizlik xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 250 dan ortiq to‘siqlar qayd etilgan, ularning aksariyati Xalisko shtatida kuzatilgan. Xavfsizlik tahdidi sababli ayrim aviakompaniyalar Puerto-Valyarta aeroportiga reyslarni vaqtincha bekor qilgan.

Ma’lumot uchun, «Yangi avlod Xalisko» karteli mamlakatdagi eng nufuzli va shafqatsiz jinoiy guruhlardan biri hisoblanadi. U AQShga sintetik giyohvand modda — fentanil kontrabandasi bilan shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda hujum oqibatida halok bo‘lgan 165 nafar maktab o‘quvchisi dafn qilingan edi.

Shuningdek