
Xiaomi kompaniyasi Xiaomi 17 liniyasini global bozorda endigina taqdim etgan bo‘lsa-da, internetda allaqachon T-seriyadagi nisbatan arzonroq subflagmanlar muhokama qilinmoqda. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Insayder Abhishek Yadav ma’lumotlariga ko‘ra, Xiaomi 17T savdoga aprel oyi oxiri yoki may oyida chiqishi mumkin. Bu kompaniyaning odatiy taqdimot jadvalidan ancha erta. Kutilishicha, bazaviy model bilan birga Xiaomi 17T Pro ham namoyish etiladi, biroq Hindiston bozorida faqat standart versiya sotuvga chiqishi ehtimoli bor.
Leica kamerali uch modul
Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, ikkala model ham Leica bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan kameralar bilan jihozlanadi. Smartfonlar 50 MP + 12 MP + 50 MP konfiguratsiyadagi uchta asosiy kamera bilan taqdim etilishi aytilmoqda.
Pro-versiya periskop telefoto moduliga ega bo‘lishi mumkin. Old kamera esa 32 megapiksel bo‘lishi kutilmoqda.
Protsessor va batareya
Manbalarga ko‘ra:
- Xiaomi 17T — MediaTek Dimensity 8500 protsessori, 6500 mA/soat batareya va 67 Vt tezkor quvvatlash.
- Xiaomi 17T Pro — MediaTek Dimensity 9500 chipi bilan jihozlanadi.
Shuningdek, 17T Pro modeli Xitoyda taqdim etilishi kutilayotgan Redmi K90 Ultra smartfonining global versiyasi bo‘lishi mumkin.
Kutilayotgan xususiyatlar (17T Pro)
Mish-mishlarga ko‘ra, qurilma quyidagilarga ega bo‘ladi:
- 6,8 dyuymli 1.5K OLED displey, 165 Gts yangilanish chastotasi
- 8500 mA/soat sig‘imli batareya, 100 Vt quvvatlash
- O‘rnatilgan sovutish ventilyatori
- Metall korpus va suvdan himoya
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi Vision Gran Turismo avtomobili haqida hujjatli film taqdim etilgani haqida yozgandi.