«Dekret» puli miqdorini qanday qilib onlayn tekshirish mumkin

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa miqdorini onlayn aniqlash imkoniyati yaratildi. Bu haqda portalning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, yangi xizmat Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan.
Mazkur xizmat orqali fuqarolar homiladorlik va tug‘ish nafaqasi qancha miqdorda belgilanganini, to‘lov qachon amalga oshirilishini hamda ish staji to‘g‘ri hisoblanganini ko‘rishlari mumkin.
Buning uchun foydalanuvchilar portalga kirib, «Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha davlat ijtimoiy sug‘urtasi nafaqasi ma’lumotlari» xizmatini tanlashi kerak. Ma’lumotlar tizimda avtomatik shakllantiriladi va qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sug‘urta hodisalari yuzaga kelganda sug‘urtalangan shaxslarga 2026-yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanishi haqida yozgandi.
Shuningdek, 1-iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi avtomatik tarzda belgilanishi haqida xabar bergandi.