Yaqin Sharqdagi urush tufayli O‘zbekistonda xurmo narxlari qanday o‘zgardi

28-fevralga o‘tar kechasi Isroil va AQSh Eronga hujum qildi, bu esa Yaqin Sharqdagi mojaroning navbatdagi keskinlashuviga olib keldi.
Eron O‘zbekistonga ushbu xurmo mevasini yetkazib beruvchi asosiy davlat hisoblanadi. Kursiv Uzbekistan vaziyat respublikada xurmo narxi va yetkazib berilishiga qanday ta’sir qilganini o‘rgandi.
Eron va arab mamlakatlaridan keladigan xurmo
2025‑yilda O‘zbekiston 19 davlatdan jami 13,9 ming tonna xurmo import qilgan, shundan 11 ming tonnasi Eron hisobiga to‘g‘ri keladi. Eng yirik yetkazib beruvchilar qatoriga, shuningdek, Tunis, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Qozog‘iston kiradi.
Yaqin Sharqdagi harbiy mojarolar boshlangach, ekspertlar oziq‑ovqat narxlari oshishini bildirgan. Shunga qaramay, O‘zbekistonda Eron xurmosi narxi deyarli o‘zgarmagan.
Yetkazib beruvchilar Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, omborda Ramazon yakuniga qadar talabni qoplash uchun yetarli mahsulot mavjud.
«Barqaror harorat va namlik sharoitida yangi xurmoni 6 oydan 12 oygacha saqlash mumkin. Agar Yaqin Sharqdagi vaziyat hozirgidek qolsa, boshlang‘ich xarajatlar asosan sovitish omborlari xizmatiga va elektr energiyasi sarfiga bog‘liq bo‘ladi», – deydi sotuvchi.

Arab mamlakatlaridan keladigan xurmo narxlari 10 – 15 foizga oshdi. Bu yuk reyslaridagi kechikishlar va bekor qilinishlar bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, respublikada an’anaviy ravishda Eron xurmosiga bo‘lgan talab yuqori. Sababi ularning nisbatan arzonligi va sifatdagi farqning unchalik sezilmasligidadir.
Sotuvchilar ta’kidlashicha, hozir xarid qilish uchun qulay vaqt, ya’ni Ramazon oyida xurmo bozorlarida keng tarqalgan va narxi arzonroq bo‘ladi.
Isroil xurmolari
Shuningdek, O‘zbekiston bozorida Isroildan keladigan xurmo ham mavjud, ammo o‘zbekistonliklar orasida unchalik mashhur emas.
Isroil xurmosining talabi kamligining sabablari sifatida sotuvchilar mahsulotning yuqori narxini ko‘rsatishadi.
Ularning aytishicha, Isroildan xurmo import qilish Eron orqali yetkazib berishga nisbatan 70 foizga qimmatga tushadi. Bu O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi aviayo‘llarning cheklangani bilan bog‘liq.

Shu sababli Isroildan yetkazib berilayotgan mahsulotlar hajmi nisbatan kichikligicha qolmoqda. Tehronga qilingan hujumdan so‘ng esa havo hududining yopilishi va talabning kamayishi kabi qo‘shimcha muammolar yuzaga keldi.
Shunga qaramay, Isroil xurmosi bozorda uchrab turadi. Ko‘pincha u boshqa davlatlar Misr, Falastin yoki Iordaniya nomi bilan sotiladi. Eng keng tarqalgan navi esa «Medjul» hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Yaqin Sharqdagi keskinlik O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilgani haqida yozgandi.