
4-mart kuni Angliya Premyer-ligasining 29-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. «Arsenal» jamoasi mehmonda g‘alaba qozonib peshqadamlikni mustahkamlagan bo‘lsa, «Nyukasl» hamda «Chelsi» o‘z raqiblarini irodali va yirik hisoblarda mag‘lub etdi.
«Nyukasl» — «Manchester Yunayted» 2:1

Sent-Jeyms Park stadionida o‘tgan bahsda «Nyukasl» 10 kishi bo‘lib qolganiga qaramay g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yinning 45-daqiqasida mezbonlar yarim himoyachisi Jeykob Remzi qoida buzganligi sababli maydondan chetlatildi. 45+4-daqiqada Entoni Gordon penaltidan hisobni ochdi, ammo Kazemiro birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan 9-daqiqada muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi.
Uchrashuvning 90-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Uilyam Osula aniq zarba yo‘llab, hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Mazkur natija «Manchester Yunayted»ning yangi bosh murabbiyi Maykl Karrik uchun uning ushbu lavozimdagi dastlabki mag‘lubiyati sifatida qayd etildi.
«Brayton» — «Arsenal» 0:1

«Arsenal» safarda «Brayton» mehmoni bo‘lib, 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yagona gol uchrashuvning 9-daqiqasida Bukayo Saka tomonidan kiritildi. Mezbonlar o‘yin davomida kuchli bosim uyushtirgan bo‘lsa-da, ko‘plab vaziyatlardan foydalana olmadi. Xususan, Mats Vifferning yaqin masofadan bergan zarbasini darvozabon David Rayya bartaraf etib, jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Mikel Arteta boshchiligidagi jamoa turnir jadvalidagi o‘rnini mustahkamladi. «Manchester Siti»ning kutilmagan durang qayd etishi oqibatida «Arsenal» o‘zining eng yaqin ta’qibchisidan 7 ochko farq bilan oldinga o‘tib oldi.
«Aston Villa» — «Chelsi» 1:4

Birmengemdagi Villa Park stadionida o‘tkazilgan uchrashuvda «Chelsi» mezbonlar ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinning 2-daqiqasidayoq Duglas Luiz jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan edi. Biroq mehmonlar tezda o‘yin nazoratini qo‘lga olib, Joao Pedro 35, 45 va 64-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol qildi hamda xet-trik muallifiga aylandi.
Shuningdek, uchrashuvning 55-daqiqasida Koul Palmer ham o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi. Mazkur o‘yindan keyin «Chelsi» turnir jadvalida 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov zaxiradan qo‘shilgan o‘yinda «Manchester Siti» durang o‘ynagani haqida xabar bergan edi.