Qatarda qiyin ahvolda qolgan 91 nafar o‘zbekistonlik vaqtincha turarjoy bilan ta’minlandi

Qatarning Doha shahrida qiyin vaziyatda qolgan 91 nafar O‘zbekiston fuqarosi vaqtincha turarjoy bilan ta’minlandi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
4-mart kuni O‘zbekiston elchixonasi vakillari Qatarda bo‘lib turgan vatandoshlar bilan uchrashib, ularga zarur amaliy yordam ko‘rsatdi. Elchi Ashraf Xo‘jayev Doha portiga borib, Celestine Cruises kemasida bo‘lgan 71 nafar o‘zbekistonlik bilan ham suhbatlashdi.
Uchrashuv davomida fuqarolarga yuzaga kelgan vaziyat haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati Qatarning tegishli idoralari bilan hamkorlikda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash hamda ularni Vatanga qaytarish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqayotgani aytildi.
Qatar turizm tashkiloti bilan kelishuv asosida 91 nafar o‘zbekistonlik vaqtincha mehmonxonalarga joylashtirildi. Elchixona xodimlari Grand Regal, Hampton, Jouri Al Murwab va Retaj Al Rayyan mehmonxonalariga borib, u yerda yashayotgan fuqarolar haqida ma’lumot to‘pladi va ro‘yxat shakllantirdi.
Bu ma’lumotlar ehtimoliy evakuatsiya yoki boshqa tashkiliy choralarni muvofiqlashtirish uchun zarur hisoblanadi. Hozircha Qatar havo hududi yopiq bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda bo‘lib turgan xorijiy sayyohlar esa rasmiy ma’lumot berilishini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 4-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Qatar davlati Amiri Tamim bin Hamad Al Thani bilan telefon orqali muloqot qilib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilgandi. Tomonlar muqaddas Ramazon oyida musulmon ummati o‘rtasidagi kelishmovchilikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan nomaqbul harakatlardan chuqur xavotir bildirdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston rahbari Qatarda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash va ularni Vatanga qaytarish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda yaratilgan sharoitlar uchun Amirga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Avvalroq Transport vazirligi Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta parvozlar bajarilib 4,9 mingta hamda Dubay shahridan 235 nafar yo‘lovchi O‘zbekistonga olib kelinishi ta’minlanganini ma’lum qilgandi.