Xiaomi smartfonlar narxi oshishini ma’lum qildi

5-mart 2026 12:30 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Xiaomi smartfonlar narxi oshishini ma’lum qildi
Foto: SI yordamida tahrirlandi / Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi yaqin yillarda smartfon narxlari oshishi mumkinligini ma’lum qildi. Gizmochina’ga ko‘ra, bunga xotira mikrosxemalari narxining ko‘tarilishi va ayrim komponentlar tanqisligi sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

Kompaniya rahbari Ley Junning so‘zlariga ko‘ra, xotira chiplariga talab keskin oshgan. Bunga sun’iy intellekt texnologiyalarining tez rivojlanishi sabab bo‘lmoqda. Natijada bu komponentlar qimmatlashib, smartfon ishlab chiqarish xarajatlarini ham oshirmoqda.

Shu bilan birga, Xiaomi narx oshishini to‘liq foydalanuvchilar zimmasiga yuklamaslikka harakat qilishini aytdi. Kompaniya turli yondashuvlar orqali narxlarni imkon qadar barqaror saqlashga harakat qiladi.

Xiaomi prezidenti Lu Veybinning aytishicha, kompaniya yirik xotira ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilgani va ishlab chiqarish hajmi katta bo‘lgani sabab nisbatan barqaror holatda turibdi.

Mutaxassislar fikricha, komponentlar narxining oshishi 2027-yil oxirigacha davom etishi mumkin. Bu esa ishlab chiqaruvchilarni qimmatroq smartfon modellari ishlab chiqarishga ko‘proq e’tibor qaratishga majbur qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi keskinlik ham smartfonlar narxini oshirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Smartfon sanoati uchun asosiy xavf logistika bilan bog‘liq. Dunyo bo‘yicha smartfonlarning katta qismi havo orqali tashiladi. Sababi ular qimmat mahsulot bo‘lib, tez yetkazib berish talab etiladi. Yangi modellarda zaxira tanqisligi va narx pasayishining oldini olish muhim.

Shuningdek