«Toshkent» RFB: 2025-yilda obligatsiyalar bo‘yicha bitimlar soni 347 foizga o‘sdi

eʼlon qilindi
1,7 trln so‘mlik ($138,4 mln) 11,7 mingta bitim tuzilgan
Contact Finance korporativ obligatsiyalar orqali 10 mlrd so‘m jalb qilmoqda
Foto: depositphotos

2025-yil yakunlariga ko‘ra, «Toshkent» respublika fond birjasida obligatsiyalar bozori sezilarli darajada faollashdi. Hisobot davrida Bond Market bozorida obligatsiyalar bilan jami 1,7 trln so‘mlik ($138,4 mln) 11,7 mingta bitim tuzilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 347 foizga ko‘p.

Eng katta savdo qachon qayd etildi

2025-yilda obligatsiyalar bozoridagi eng katta kunlik savdo 5-dekabrda kuzatilib, 200,25 mlrd so‘mni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkich esa 13-martda qayd etilib, savdo hajmi 4,71 mln so‘m bo‘lgan.

Bitimlar soni bo‘yicha eng yuqori faollik 7-noyabrda 437 ta bitim bilan kuzatilgan. Eng kam bitim esa 10-yanvar kuni 3 ta bo‘lgan.

Obligatsiyalar bo‘yicha savdolarning katta qismi Main Board asosiy savdo maydonchasida amalga oshirilgan. Bu yerda 1,44 trln so‘mlik 11,7 mingta bitim tuzilib, umumiy savdolar hajmining 84,35 foizini tashkil etdi. Qolgan bitimlar Nego Board muzokaralar maydonchasida amalga oshirilgan.

Eng ko‘p savdo qilingan obligatsiyalar

Savdo hajmi bo‘yicha eng yirik bitimlar Makensense kompaniyasining UZUMN2B va UZUMN2B2 obligatsiyalari bilan tuzilgan. Ular bilan mos ravishda 403,95 mlrd so‘m va 318,57 mlrd so‘mlik savdolar amalga oshirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi obligatsiyalari ham faol savdo qilingan. Jumladan:

  • IQMK5B6 – 290,73 mlrd so‘m;
  • IQMK3B5 – 200,36 mlrd so‘m;
  • IQMK5B7 – 200,04 mlrd so‘m.

Ushbu kompaniyalar qimmatli qog‘ozlari bilan tuzilgan bitimlar umumiy savdolar hajmining 83 foizdan ortig‘ini tashkil etgan.

Qaysi tarmoq yetakchi bo‘ldi

2025-yilda obligatsiyalar bozoridagi savdolarning asosiy qismi moliyaviy xizmatlar tarmog‘iga to‘g‘ri kelgan. Bu yo‘nalishda 926,47 mlrd so‘mlik 11,7 mingta bitim tuzilgan.

Keyingi o‘rinlarda:

  • «Boshqalar» tarmog‘i – 722,52 mlrd so‘m;
  • Lizing sohasi – 51,5 mlrd so‘m.

Eng kam savdo esa banklar sektorida qayd etilib, 5 ta bitim bo‘yicha 908 mln so‘mlik operatsiyalar amalga oshirilgan.

Bozor hajmi va instrumentlar soni oshdi

Hisobot yilida obligatsiyalar bozorining umumiy qiymati 1,64 trln so‘mga oshib, 2,46 trln so‘mga yetdi. Bozordagi instrumentlar soni ham ikki baravar ko‘payib, 26 taga yetgan.

2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, «Toshkent» fond birjasining kotirovka ro‘yxatida 95 ta emitent tomonidan chiqarilgan 149 ta qimmatli qog‘oz mavjud. Ular orasida 85 ta oddiy aksiya, 38 ta imtiyozli aksiya va 26 ta obligatsiya bor.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent» RFBdan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 20-fevraldan 27-fevralgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 4,81 foizga oshgandi.

Ushbu davr mobaynida «O‘zmetkombinat» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 24,36 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Qizilqumsement» (+13,67%) va «Kvarts» (+11,53) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.

Shuningdek