O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari 715 ming so‘mga yetdi

O‘zbekistonda 2026-yil fevral oyida minimal iste’mol xarajatlari 715 ming so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan oyga nisbatan 100,6 foizni tashkil etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon narxlar o‘sishi 1,3 foizni, yillik hisobda esa 5,6 foizni tashkil etgan. Fevral oyida ayrim oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashdi. Jumladan, guruch 0,9 foizga, ko‘k choy 0,3 foizga, quruq nonushta mahsulotlari 0,5 foizga va marmelad 0,2 foizga pasaydi.
Shu bilan birga, bir qator meva-sabzavotlar qimmatlashdi. Pomidor narxi 12,1 foizga, qovoq 11,7 foizga, kartoshka 5 foizga, bulg‘or qalampiri 4,2 foizga, olma 4,1 foizga, limon 3,6 foizga va banan 3 foizga oshdi. Sabzi va karam narxi ham 1,8 foizga ko‘tarildi. Bodring 13,8 foizga, mandarin 5,6 foizga, apelsin 5,4 foizga hamda piyoz 0,9 foizga arzonlashdi.
Kommunal xizmatlar sohasida ham narxlar o‘zgarishi kuzatildi. Maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati o‘rtacha 4,7 foizga qimmatlashdi. Uy-joy ijarasi to‘lovi 0,5 foizga, turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari esa 0,4 foizga oshdi. Sog‘liqni saqlash xizmatlari ham qimmatlashdi. Ambulator davolash va reabilitatsiya xizmatlari 1,1 foizga, diagnostika xizmatlari 0,8 foizga, statsionar davolash xizmatlari 0,6 foizga oshdi. Dori vositalari va tibbiy buyumlar narxi esa 0,4 foizga ko‘tarildi.
Transport sohasida benzin narxi o‘rtacha 0,5 foizga arzonlashdi. AI-92 markali benzin 0,5 foizga pasaygan. AI-95 markasi 0,7 foizga, AI-98 va AI-100 markalari esa 0,3 foizga qimmatlashdi. Propan narxi oy davomida 1,9 foizga oshib, 1 litr uchun yuqori narx chegarasi 8,5 ming so‘mni tashkil etdi. Metan narxi deyarli o‘zgarmadi, biroq o‘tgan yil fevraliga nisbatan 30,3 foiz yuqori darajada saqlanib qoldi.
Fevral oyida uzoq masofaga qatnaydigan poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlari o‘rtacha 14 foizga qimmatlashdi. Aviaqatnovlar narxi esa o‘rtacha 4,4 foizga oshdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yillik inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etgani haqida yozgan edi.