O‘zbekiston Ozarbayjonga uyushtirilgan dron hujumlaridan xavotir bildirdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ozarbayjonlik hamkasbi Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali Naxchivan hududidagi hujum masalasini muhokama qildi. Bu haqda O‘zRes TIV xabar berdi.
Suhbat davomida Ozarbayjon vaziri Naxchivan Avtonom Respublikasiga nisbatan uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujum bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi. Mazkur hujum oqibatida tinch aholi jabrlangani va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilgani qayd etildi.

O‘zbekiston tomoni esa mazkur hujumlar yuzasidan jiddiy xavotirini bildirdi. Shuningdek, xalqaro huquq prinsiplari va boshqa davlatlarning suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini buzadigan bunday harakatlar mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligi ta’kidlandi. Muloqot davomida ikki tomon ham hududiy xavfsizlik va tinchlikni ta’minlash zarurati yuzasidan fikr almashdi.
Ma’lumot uchun, Ijtimoiy tarmoqlarda Eron tomonidan Naxichevan xalqaro aeroportiga dronlar orqali zarba berilgani aks etgan kadrlar tarqalgan edi. Unda kadrlarda aeroport terminali ichidagi vayronagarchiliklar, jumladan, shikastlangan shift konstruksiyalari hamda singan oynalarni ko‘rish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar 9,4 mingga yetgani haqida yozgan edik.