Bozor hal qiladi: Markaziy bank dollar kursi bo‘yicha aniq mo‘ljalga ega emas

O‘zbekiston Markaziy banki milliy valyuta kursi bo‘yicha hech qanday maqsadli ko‘rsatkich yoki sun’iy «koridor»ni belgilamaydi. Valyuta bozoridagi tendensiyalar va almashuv kursi shakllanishiga bag‘ishlangan ochiq muloqotda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov so‘m taqdirini to‘liqligicha bozor mexanizmlari qo‘liga topshirilganini va regulyatorning bozordagi roli qisqarib borayotganini ta’kidladi.
Uning ta’kidlashicha, Markaziy bank valyuta kursini maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilamaydi.
«Biz valyuta kursini instrument sifatida ishlatmaymiz. Kurs yuzaga kelgan iqtisodiy voqelik natijasida shakllanadi va biz uni ekzogen o‘zgaruvchi sifatida qabul qilamiz», — dedi Achilov.
Mundarija:
- Markaziy bankning asosiy maqsadi — inflyatsiya
- Valyuta kursiga ta’sir qiladigan omillar: fiskal siyosat va tashqi qarz
- Tashqi faktorlar: Rossiya rubli, migrantlar va oltin
- Kursning 0,6 foizlik o’zgarishi
- Markaziy bankning roli qisqarmoqda, bozor taklifi esa 30 foizga oshgan
- «Suzuvchi kurs» sari qat’iy qadam
- Milliy xedjirlash kompaniyasi tashkil etiladi
Markaziy bankning asosiy maqsadi — inflyatsiya
Achilovga ko‘ra, pul-kredit siyosatida kurs bo‘yicha aniq maqsadli daraja mavjud emas.
«Pul-kredit siyosatimizda kursni belgilash yoki maqsadli darajaga intilish yo‘q. Bizda asosiy parametr — inflyatsiya targeti», — dedi u.
Rejaga ko‘ra, inflyatsiya 2025-yil yakunida 6,5% darajasida, 2027-yil oxirida esa 5% atrofida bo‘lishi kerak.
Valyuta kursiga ta’sir qiladigan omillar: fiskal siyosat va tashqi qarz
Nodirbek Achilovning so‘zlariga ko‘ra, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki valyuta bozoriga sezilarli darajada ta’sir o’tkazadi. Tashqi qarz manbalari va yillik jalb qilish darajasi ham valyuta oqimlarining asosiy drayverlaridan biri bo’lib qolmoqda.
«Bu yil budjet koʻrsatkichlari boʻyicha 5 milliard dollar (2,5 mlrd dollar budjetni va 2,5 mlrd dollar investitsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun) toʻgʻridan-toʻgʻri bozorga kirib keladi va bilvosita kursga oʻz taʼsirini koʻrsatadi,» — deydi u.
Tashqi va ichki omillar

Tashqi faktorlar: Rossiya rubli, migrantlar va oltin
O‘zbekiston valyuta bozori uchun Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat hamon katta ahamiyatga ega. 2025-yil yakunlari bo‘yicha mamlakatga qariyb 19 milliard dollar pul o‘tkazmalari kirib kelgan bo‘lib, ularning aksariyat qismi (65%) Rossiya Federatsiyasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
«Rossiyada shakllangan kurs, inflyatsiya va migratsiya siyosati bilvosita so’m kursiga taʼsir qiladi,» — deya tushuntirdi Achilov.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyada rubl qadrining oshishi (masalan, 1 dollar uchun 110 rubldan 75 rublgacha tushishi) migrantlarning dollar ekvivalentidagi daromadlarini oshirgan, bu esa O‘zbekiston bozorida valyuta taklifini ko‘paytirgan.
Xomashyo bozoridagi narxlar, ayniqsa oltin qiymati ham milliy valyuta dinamikasiga ta’sir qiluvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Oltin O‘zbekiston uchun muhim eksport mahsuloti bo‘lib, sanoat eksportining katta qismini tashkil etadi.
«Qanchalik oltin qimmat bo‘lsa, biz oltin qazib chiqaruvchilarga shuncha ko‘p pul beramiz va bu ham operatsiyalarimizga ta’sir qiladi», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Kursning 0,6 foizlik o’zgarishi
Eksportyorlar so’m qadrining oshishidan xavotirda bo’lsalar-da, Achilov raqamlarga tayanishni taklif qildi. Uning aytishicha, 2025-yilda o‘rtacha kurs 12 653 so‘mni tashkil etgan (2024-yildagi 12 575 so‘mga nisbatan).
«To‘g‘ri, eksportyorlar uchun qaysidir ma’noda tushumi nominal so‘mga nisbatan so‘m darajasida kamaygan bo‘lishi mumkin. Lekin agar to‘g‘ridan-to‘g‘ri valyuta kursini 2025-yil bilan 2024-yilning o‘rtacha kursini solishtirsangiz, atigi 78 so‘mga qadri oshgan. Ya’ni qadri oshish darajasi atigi 0,6 foizni tashkil etmoqda. Masalan, eksportyorlar ham, importyorlar ham faqat yilning ma’lum bir oyida operatsiya qilmaydi-ku. Shuning uchun o‘rtacha kurs biz uchun muhim indikator hisoblanadi. Yil davomida yalpi ichki mahsulot ham yil davomida shakllanadi. Yalpi ichki mahsulot hisob-kitoblariga biz 12 575 kursni berdik,» — deydi u.
Kurs qanday o‘zgardi

Markaziy bankning roli qisqarmoqda, bozor taklifi esa 30 foizga oshgan
Eng muhim tendensiyalardan biri — valyuta bozorida taklifning keskin o’sishidir. 2024-yilga nisbatan bozorga valyuta taklifi 30 foizga, talab esa 25 foizga oshgan.
- Asosiy ishtirokchilar: Jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi.
- Drayver: Jismoniy va yuridik shaxslarning valyuta sotuvi hajmi oshgani kurs shakllanishining asosiy omiliga aylandi.
«Markaziy bankning bozordagi roli qisqarishi bilan birga, bozorda pulning qadri oshish jarayonlari birgalikda kechyapti. Jismoniy va yuridik shaxslarning taklifi yuqoriroq oshayotgani juda ijobiy tendensiyadir,» — deya ta’kidladi Nodirbek Achilov.

«Suzuvchi kurs» sari qat’iy qadam
Achilovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kurs suzuvchi bo‘ldi. Markaziy bank raisi o’rinbosari xalqaro moliya institutlari, xususan Xalqaro valyuta fondi (XVJ) tomonidan qo’llaniladigan mezonlarga to’xtalib o’tdi. Tebranuvchanlik darajasi valyuta rejimini aniqlashda asosiy omildir.
«Agar yil davomida valyuta kursining yo‘nalishi olti oy davomida 4 foizlik koridorda (±2%) tebransa va undan chiqsa, bu suzuvchi kurs deyiladi. Agar uning ichkarisida bo‘lsa, boshqariladigan suzuvchi hisoblanadi. Agar tebranish 1% doirasida bo‘lsa, bu fiksatsiya qilingan kurs deyiladi,» — deya tushuntirdi rais o’rinbosari.
O’zbekistondagi haqiqiy holat XVJning hozirgi «boshqariluvchi» ta’rifidan ancha farq qiladi. Achilov o’tgan yilgi dinamikani misol qilib keltirdi:
«O‘tgan yili o‘rtacha kursimiz 12 575 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda u yuqoriga qarab 429 so‘mga oshdi, pastga qarab esa 694 so‘mgacha tushdi. O‘rtacha tebranish koridori 9% atrofida bo‘ldi. Bu XVJ mezonlaridan ancha yuqori».
Shu munosabat bilan, aprel oyida kutilayotgan XVJ missiyasi oldiga muhim masala qo’yiladi:
«Aprel oyida missiya kelganida O‘zbekistonning valyuta kursi bo‘yicha pozitsiyasini ‘suzuvchi’ga o‘tkazishni iltimos qilmoqchimiz», – dedi Achilov.

Milliy xedjirlash kompaniyasi tashkil etiladi
Valyuta risklarini boshqarishni yangi bosqichga olib chiqish uchun yangi institut yaratilishi rejalashtirilmoqda.
«Xejirlash bo‘yicha kompaniya tashkil qilish rejalarimiz bor. Bu bo‘yicha xalqaro kompaniyalar va konsultantlar bilan ishlayapmiz. Joriy yilda konseptual hujjatni yaratib olamiz. Qonunchilikka kerakli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilyapti. O‘sha chiqqandan keyin, yilning ikkinchi yarmida Markaziy bankning ichki hujjatlari asosida xejirlash bo‘yicha korxona tashkil etish yuzasidan tavsiyalarni beramiz,» — deya ma’lum qildi Achilov.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda valyuta kursi dinamikasiga ta’sir qiluvchi fundamental omillar, xususan, tashqi savdo balansi va xalqaro moliya bozorlaridagi kutilmalar haqida maqolani e’lon qilgan edi.