Mol-mulkka qo‘yilgan taqiqlarni davlat ijrochisi bekor qilishi mumkin

Ayrim hollarda mol-mulkka qo‘yilgan taqiqlarni davlat ijrochisi qarori asosida bekor qilish tartibi joriy etildi. Bu haqda ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, agar undiruvchi realizatsiya qilinmay qolgan mol-mulkni o‘zida qoldirish taklifiga rozi bo‘lsa, mol-mulkka qo‘yilgan taqiqlar davlat ijrochisining qarori asosida olib tashlanadi.
Shundan so‘ng mazkur qaror mol-mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bunda mol-mulk bilan bog‘liq mavjud majburiyatlar sobiq egasi — qarzdor zimmasida qoladi. Faqat undiruvchi ushbu majburiyatlarni ixtiyoriy ravishda o‘z zimmasiga olgan holatlar bundan mustasno.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
Ko‘chmas mulkka taqiq qanday qo‘yiladi
Qonunchilikka ko‘ra, ayrim holatlarda uy, kvartira yoki boshqa ko‘chmas mulkka nisbatan taqiq qo‘yilishi mumkin. Bu odatda qarz majburiyatlarini ta’minlash yoki sud jarayonlari bilan bog‘liq vaziyatlarda qo‘llaniladi.
Masalan, bank yoki boshqa kredit tashkiloti tomonidan uy-joy sotib olish, ta’mirlash yoki boshqa maqsadlar uchun kredit berilganda ko‘chmas mulk garov sifatida rasmiylashtiriladi. Garov shartnomasi tasdiqlanayotgan paytda hududiy davlat notariusi ushbu mulkka taqiq qo‘yadi va bu haqda kadastr organlariga xabar yuboradi.
Shuningdek, taqiq qo‘yilgani haqida mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatga maxsus belgi qo‘yiladi hamda bu ma’lumot davlat notarial idorasida yuritiladigan taqiqlar reyestriga kiritiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, ko‘chmas mulkka taqiq quyidagi organlar tomonidan qo‘yilishi mumkin:
- sud, tergov va prokuratura organlari;
- sud ijrochilari;
- davlat notarial idoralari notariuslari.
Agar taqiq qo‘yilishiga sabab bo‘lgan holat bartaraf etilsa, tegishli hujjatlar asosida ushbu organlar tomonidan taqiq ham bekor qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni rasmiylashtirish tezlashtirilishi haqida yozgandi.