Serena Pharma ta’sischisi «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi

Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, Toshkentdagi «Serena Pharma» MChJ ta’sischisi Vijayvargi Satish Rameshchandra «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mukofot farmatsevtika sohasidagi ko‘p yillik samarali faoliyati, O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi hamda aholini sifatli dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashdagi xizmatlari uchun berildi.
Shuningdek, u zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, ilm-fan va innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish hamda yangi ish o‘rinlari tashkil etish orqali mamlakat farmatsevtika sanoati rivojiga hissa qo‘shgani qayd etildi.
Ma’lumot uchun, Satish Vijayvargi farmatsevtika sohasida katta tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi. U 2012-yildan beri Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan Serena Pharma kompaniyasiga asos solgan va hozirda ushbu kompaniyaga rahbarlik qiladi.
Faoliyati davomida u Claris Lifesciences Limited kompaniyasida ham ishlagan. Bu yerda biznes rahbari sifatida MDH mamlakatlaridagi operatsiyalarni boshqargan hamda qariyb olti yil davomida 14 ta davlat bozoridagi faoliyatni muvofiqlashtirgan.
Mehnat faoliyatining dastlabki bosqichlarida esa u xalqaro farmatsevtika kompaniyasi Bayer Pharmaceuticals’da ishlagan. Ushbu kompaniyada u tibbiy savdo vakili sifatida ish boshlagan, keyinchalik hududiy savdo menejeri lavozimiga ko‘tarilib, sohada muhim tajriba to‘plagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident bir guruh sudyalarni bayram munosabati bilan mukofotlagani haqida yozgandi.