“Yangi hayot” dasturi orqali mahbus ayollar kasb-ta’limga yo‘naltiriladi

«Yangi hayot» dasturi orqali jazoni o‘tayotgan ayollarga kasb-ta’lim imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanali marosimda ma’lum qilindi.
«Shu haftada yana bir muhim farmonni imzoladim. Endi xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va tazyiq holatlariga qarshi qat’iy tizim asosida kurash olib boramiz”, — dedi davlat marosimda.
Endilikda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va tazyiq holatlariga qarshi tizimli kurash olib boriladi. Shuningdek, bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan ayollar ham shu yurtning fuqarolari ekani ta’kidlandi. Ularni ijtimoiy hayotga qaytarish va jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish masalalari ustida jiddiy ishlash zarurligi qayd etildi.
Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan ayollarning ko‘pchiligi o‘rta ma’lumotli bo‘lib, kasbi yoki hunari yo‘q. Ayrimlari oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan. Shu bois, bunday xotin-qizlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha «Yangi hayot» dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur doirasida mahkumalar 3-6 oy davomida kasb dasturlarida o‘qitilib, sertifikat beriladi. Shuningdek, muassasalarda imtihon topshirish, oliygohlarga kirish va masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratilib, kontrakt asosida qabul qilinganlar (jazoni o‘tagandan so‘ng) ishga joylashgandan keyin foizsiz ssuda bilan ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident bir guruh sudyalarni bayram munosabati bilan mukofotlagan edi.