Xiaomi yangi avlod SU7 elektromobilini taqdim etdi

Xiaomi Auto kompaniyasi o‘zining yangi avlod SU7 sedani hamda uning yangi Cream Beige interyerini taqdim etdi. Avtomobil kelasi oydan boshlab sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.
Yangi avlod SU7 uch xil variantda taklif etiladi va ularning narxi 229,9 ming yuandan ($32,8 ming) 309,9 ming yuangacha ($44,3 ming) qilib belgilangan. Bu ko‘rsatkich joriy modelga nisbatan o‘rtacha 10 ming yuanga ($1,4 ming) qimmatroq hisoblanadi.

Yangi taqdim etilgan Cream Beige interyeri o‘zida issiq ranglar palitrasi hamda eshik panellari va o‘rindiqlardagi nozik choklarni jamlagan. Barcha modellar V6s Plus Super Motor dvigateli hamda 800V arxitektura bilan standart tarzda jihozlanadi. Baza varianti bir quvvatlanishda 720 km masofani bosib o‘tsa, Pro versiyasida bu ko‘rsatkich 900 km dan oshadi.

Shuningdek, 897V kremniy karbidli yuqori kuchlanishli platforma yordamida elektromobil atigi 15 daqiqa ichida 670 km masofaga yetadigan quvvatni qabul qila oladi. Avtomobilning xavfsizlik va boshqaruv tizimlari ham sezilarli darajada yangilangan.

Barcha versiyalarga LiDAR, 4D mmli to‘lqin radari va 700 TOPS hisoblash quvvatiga ega chip o‘rnatilgan bo‘lib, ular Xiaomi’ning HAD avtopilot texnologiyasi asosida ishlaydi. Pro va Max versiyalari qo‘shimcha ravishda yopiq ikki kamerali pnevmatik osma tizimi va CDC adaptiv amortizatorlariga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi Vision Gran Turismo avtomobili haqida hujjatli film taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.