
GM tomonidan Chevrolet Bolt elektromobilini xarididagi kredit uchun chegirma e’lon qilindi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda. Takliflar 31-martgacha amal qiladi.
Kompaniya yangi 2027-yilgi Bolt elektromobili uchun past foizli moliyalashtirish dasturini taklif qilmoqda. Kredit shartlariga ko‘ra, avtomobilni 36 oy muddatga 0,9 foiz stavkada rasmiylashtirish mumkin. 48 oyga kredit olinganda stavka 1,9 foizni tashkil etadi. 60 oyga kredit uchun 2,9 foiz, 72 oyga 3,9 foiz, 84 oyga esa 4,9 foiz stavka belgilangan. Kredit faqat GM Financial orqali beriladi.

Yangi Bolt AQSh bozoridagi eng arzon elektromobillardan biri hisoblanadi. Model ikki komplektatsiyada taklif etiladi. LT versiyasining boshlang‘ich narxi $28,9 ming, RS versiyasi esa $32,9 mingdan boshlanadi.
Elektromobil 210 ot kuchiga ega elektr motor bilan jihozlangan. Avtomobil old g‘ildirakdan tortish tizimida ishlaydi. Batareya sig‘imi 65 kVt/soatni tashkil etadi.
Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, elektromobil to‘liq zaryad bilan 262 mil, ya’ni taxminan 420 km masofa bosib o‘tishi mumkin. 150 kVt tezkor zaryadlash tizimi yordamida batareya 10 foizdan 80 foizgacha 26 daqiqada to‘ldiriladi.

Yangi Bolt Tesla superzaryadlash tarmog‘idan foydalanish imkonini beruvchi NACS porti bilan jihozlangan. Bu esa elektromobil egalari uchun zaryadlash infratuzilmasini kengaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobili uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.