O‘zbekistonda 45 ta jinoiy guruhning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi

Joriy yilning yanvar va fevral oylarida O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 45 ta uyushgan jinoiy guruh faoliyati bartaraf etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Respublika bo‘ylab jami 6 mingta maxsus tezkor tadbir, jumladan, 806 ta tonggi yo‘qlama va 2,8 mingta tintuv o‘tkazilgan. Natijada qidiruvda bo‘lgan 533 nafar shaxs ushlanib, javobgarlikka tortilgan. Ikki oy davomida jami 3,1 mingta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2,9 ming kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan va 980 nafar shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tadbirlar davomida 116 ta tovlamachilik, 86 ta qimorxona tashkil etish, 40 ta odam savdosi hamda fohishaxona saqlash va infeksiya tarqatish bilan bog‘liq 790 ta jinoyat aniqlangan. Shuningdek, noqonuniy qurol saqlash bo‘yicha 315 ta jinoyat ishi ochilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda jinoyat olami g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi 47 ta akkaunt bloklangan.

Daliliy ashyo sifatida jami 4,5 mingta sovuq qurol, xususan, 4 mingta o‘tkir tig‘li jism, 72 ta kastet, 50 ta bita va 444 ta boshqa turdagi ashyolar musodara qilingan. Bundan tashqari, tezkor xodimlar tomonidan 5,8 ming dona o‘q-dori va 3,7 kilogramm portlovchi modda olingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘onada yirik firibgarlik guruhi fosh etilgani haqida xabar bergan edi.