Ipakchilik sohasida yangi subsidiyalar: tutzorlarni olib qo‘yish taqiqlandi

O‘zbekistonda ipakchilik sohasining ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida yangi qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. Unga ko‘ra, tutzorlarni sug‘orish tizimlari uchun davlat tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatiladi va mavjud maydonlarni olib qo‘yish qat’iyan man etiladi.
Qarorga muvofiq, yangi tashkil qilingan tutzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish xarajatlari uchun gektariga 8 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Maydoni 2 va undan ortiq gektar bo‘lgan tutzorlarga suv chiqarish infratuzilmasini qurish va ishga tushirish xarajatlarining 100 foizi, biroq 150 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya beriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda mahalliy hokimliklarga mavjud tutzorlarni olib qo‘yish va ularning yer fondi toifasini o‘zgartirish qat’iyan taqiqlandi. Shuningdek, 2026-yil 1-sentabrga qadar sohani raqamlashtirish maqsadida pillachilik.uz elektron platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur platformada yer maydonlari, korxonalar ro‘yxati, shartnomalar hamda pilla hosilini qabul qilish jarayonlari ochiq aks ettiriladi. Bundan tashqari, pilla yetishtirish agrotexnikasi bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari va mediakontentni o‘z ichiga oluvchi maxsus mobil ilova ham ishlab chiqiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kam ta’minlangan oilalarga pillachilik uchun subsidiya ajratilishi haqida xabar bergan edi.