Abdurahmon Tashanovga ma’muriy ish ochildi

«Ezgulik» inson huquqlari jamiyati asoschisi va raisi Abdurahmon Tashanovga ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda uning o‘zi ma’lum qildi.
Tashanovning yozishicha, O‘zbekiston harbiy prokurori, polkovnik Otabek Xolboyevning 2026-yil 28-fevraldagi qaroriga ko‘ra, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202(2)-moddasi 1-qismi, ya’ni yolg‘on xabar tarqatish moddasi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Dastlabki surishtiruv respublika Harbiy prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tergovchisi, podpolkovnik Timur Muhitdinov tomonidan olib borilgan.
Ma’muriy ish materiallariga ko‘ra, Tashanov Facebook sahifasida 2025-yil 11-dekabr kuni «Ikki mulozim davlatga xoinlikda ayblangan», 2026-yil 8-yanvar kuni «Vahshiyona qiynoq, zo‘raki iqrorliklar. Mahkum ahvoli og‘irligini iddao qilmoqda» hamda 2026-yil 3-fevral kuni «Vahshiyona qiynoq, xalqaro tashkilot bayonoti va prokurorning jur’ati» nomli postlar e’lon qilgan. Unga ko‘ra, ushbu materiallarda davlat organlari va mansabdor shaxslarning obro‘sini tushiruvchi axborotlar tarqatilgan deb hisoblanmoqda.
«Shuningdek, mening OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarim yuzasidan tegishli ekspertiza markazlarida o‘rganishlar olib borilayotganiga oid ma’lumotlar mavjud. Menga bu haqda aytishdi, ehtiyotingizni qiling, deyishdi. Qonundan panoh so‘rash, o‘zimni mahkamada himoya qilishdan o‘zga ehtiyotim yo‘q», — deya qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri jinoyatchini ozodlikka chiqargan sudyalar ushlangani haqida yozgan edi.