Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimi takomillashtiriladi

10-mart kuni Shavkat Mirziyoyev qishloq va suv xo‘jaligi sohasida muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Taqdimotda sohadagi ilmiy tadqiqotlar va amaliyot uyg‘unligi yetarlicha ta’minlanmayotgani, ayrim loyihalarda ilmiy asoslash va ekspertizaga yetarli e’tibor qaratilmayotgani, shuningdek olimlar va tadqiqotchilarning salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi. Natijada ba’zi loyihalar kutilgan natijani bermayotgani ta’kidlandi.
Universitet salohiyati
Hozirgi kunda «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetida 11 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Universitetda 7 ta fakultet, 37 ta kafedra va 38 ta ta’lim yo‘nalishi faoliyat yuritadi. Bitiruvchilarning bandlik darajasi 93 foizni tashkil etadi, xorijlik talabalar va professor-o‘qituvchilar soni esa izchil oshib bormoqda.
Dual ta’lim va amaliyot
Muhandis kadrlarni tayyorlashda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Yangi tizimga ko‘ra, talabalar haftasining 4 kuni nazariy bilim oladi, 2 kuni esa ishlab chiqarish korxonalarida haq to‘lanadigan amaliyot o‘tadi. Shu orqali suv xo‘jaligi yo‘nalishida sug‘orishni samarali tashkil etish, gidrotexnika va gidroenergetika sohasida kanallarni betonlash, smeta tuzish va kichik gidroelektr stansiyalar qurilishida ishtirok etish imkoniyati yaratiladi. Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash yo‘nalishida esa texnikalarni tayyorlash va hosilni yig‘ishtirish ishlari amaliyotga kiritiladi.
Ilm-fan va innovatsiyalar
Suv resurslarining katta qismi transchegaraviy manbalarga bog‘liqligi sababli, suv sohasida diplomat kadrlar tayyorlash muhimligi ta’kidlandi. Universitetda «Xalqaro suv diplomatiyasi» magistratura dasturini kengaytirish va davlat granti asosidagi qabul o‘rinlarini ko‘paytirish taklifi ma’qullandi.
Shu bilan birga, dronlar orqali ekin maydonlarini monitoring qilish, hosildorlikni prognozlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va kosmik monitoring ma’lumotlari asosida ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qishloq xo‘jaligi ekinlarini sovuqdan qanday himoya qilish haqida yozgan edik.