«Kapital sug‘urta» aksiyalari bo‘yicha savdolar yana tiklandi

«Toshkent» respublika fond birjasida «Kapital sug‘urta» AJning imtiyozli aksiyalari bo‘yicha savdolar qayta tiklandi. Bu haqda birja rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 16 – 27-fevral kunlari ushbu aksiyalar narxi sezilarli darajada oshgan. Shu sababli birja qoidalariga muvofiq 2-martdan boshlab savdolar vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Birjaning nazorat komissiyasi bozor vaziyatini har tomonlama o‘rgandi. Tahlil davomida kompaniya tomonidan e’lon qilingan muhim ma’lumotlar, yangiliklar, moliyaviy ko‘rsatkichlar, aksiyalar narxining oxirgi ikki yildagi o‘zgarishi hamda savdolarda ishtirok etgan investitsiya vositachilari faoliyati tekshirildi.
O‘rganish natijasida bozor manipulyatsiyasi alomatlari aniqlanmagan. Shundan so‘ng birja «Kapital sug‘urta» AJ aksiyalari bo‘yicha savdolarni 2026-yil 11-martdan boshlab qayta tiklashga qaror qildi. Savdolar 2-mart kuni shakllangan yopilish narxi asosida davom ettiriladi.
Shuningdek, «Kapital sug‘urta» AJ birjaga murojaat qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim ma’lumotlar noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi. Xususan, kompaniyaning 55,17% aksiyalari go‘yoki «Prestige Insurance» AJ tasarrufiga o‘tgani haqidagi xabarlar asossiz ekani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, 27-fevraldan 6-martgacha bo‘lgan davrda «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalar orasida «O‘zbekneftgaz» aksiyalari 34 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Kvarts» (+25,38%) va «O‘zmetkombinat» (+11,58) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.