Cobalt’dan arzon Chery QQ3 EV uchun buyurtmalar boshlandi

11-mart 2026 11:48 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Chery

Chery kompaniyasi yangi Chery QQ3 elektromobili uchun oldindan buyurtmalarni boshladi. Model Xitoy bozorida taxminan $10 mingdan sotuvga chiqmoqda.

Avtomobil ikki xil yurish zaxirasi bilan taklif etiladi. 310 km masofaga mo‘ljallangan Love Edition versiyasi 68,9 ming yuan ($10 ming) turadi. Share Edition esa 78,9 ming yuan ($11,4 ming)ga baholangan.

Cobalt’dan arzon Chery QQ3 EV uchun buyurtmalar boshlandi
Foto: Chery

420 km yurish zaxirasiga ega Love Edition 78,9 yuan ($11,45 ming) narxda taklif qilinadi. Eng yuqori Share Edition versiyasi esa 89,9 yuan ($13 ming) turadi.

QQ3 EV oltita rangda taqdim etiladi. Ular orasida pushti, oq, kumush, qizil va binafsha rang variantlari bor. Tashqi dizaynda yopiq radiator panjarasi va Q shaklidagi LED faralar qo‘llangan. Yon tomonda yarim yashirin eshik tutqichlari va qora g‘ildirak arkalarini ko‘rish mumkin.

Foto: Chery

Avtomobil uzunligi 4195 mm, kengligi 1811 mm, balandligi 1569 mm. G‘ildirak bazasi 2700 mmni tashkil etadi. Salon AI Lingxi Smart Cabin tizimi bilan jihozlangan. Markazda 15,6 dyuymli 2.5K ekran joylashgan. U Qualcomm Snapdragon 8155 chipi asosida ishlaydi.

Tizim Carmind aqlli yordamchisini qo‘llab-quvvatlaydi. Haydovchi ekran orqali ovozli buyruqlar yordamida turli funksiyalarni boshqarishi mumkin.

Old o‘rindiqlar isitish va ventilyatsiya funksiyasiga ega. Avtomobilda Bluetooth kalit, aqlli ko‘zgular va ko‘plab saqlash joylari ham mavjud.

Foto: Chery

Bagaj hajmi 375 litrdan 1450 litrgacha kengayadi. Old tomonda esa 70 litrli elektr bagaj joyi mavjud.

Model Falcon 500 haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan. U avtomatik parkovka va avtomagistralda yarim avtonom boshqaruv funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. QQ3 EV orqa g‘ildirakdan tortuvchi elektr tizimiga ega. Elektromotorlar 58 kVt (78 ot kuchi) yoki 90 kVt (121 ot kuchi) quvvat ishlab chiqaradi.

Tezkor zaryadlashda batareya 30 foizdan 80 foizgacha 16,5 daqiqada to‘ldiriladi. Avtomobil tashqi qurilmalarni quvvatlantirish uchun V2L funksiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery kompaniyasi Exeed EX7 krossoverini ommaviy ishlab chiqarishni boshlagani haqida yozgan edi.

Shuningdek