“El-yurt umidi” stipendiatlari majburiyatini bajarmagan taqdirda mablag‘lar undiriladi

«El-yurt umidi» stipendiatlari majburiyatini bajarmagan taqdirda mablag‘lar undiriladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida jamg‘arma tomonidan sarflangan mablag‘larni undirish bilan bog‘liq masalalarni tartibga solish taklifi berildi. Jumladan, ushbu mablag‘larni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo kiritishda jamg‘armani davlat bojini to‘lashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi norma kiritilishi taklif etildi.
Shuningdek, qonun loyihasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibini soddalashtirish, jarayon muddatlarini qisqartirish ham nazarda tutilmoqda. Xususan, bunday hujjatlar loyihasining jamoatchilik muhokamasi muddatini 10 kun etib belgilash taklifi taqdim etildi.
Agar 5 kun ichida taklif va mulohazalar kelib tushmasa, loyihani huquqiy ekspertizaga kiritish imkoniyati berilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza o‘tkazish hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatini 20 kunga qisqartirish taklif qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan maqsadli stajirovka tartibi tasdiqlangan edi.