Yonilg‘i narxi oshishi sababli dunyo bo‘ylab aviachiptalar qimmatlashmoqda

eʼlon qilindi
Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar oqibatida aviatsiya yonilg‘isi narxi bir barrell uchun $200 gacha ko‘tarildi
Foto: odt.co.nz

Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar hamda neft narxining keskin oshishi ortidan qator aviakompaniyalar chiptalar narxini ko‘tarishni boshladi. Yonilg‘i xarajatlarining o‘sishi global miqyosdagi aviaqatnovlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Chipta narxlarini qayta ko‘rib chiqish haqida Skandinaviyaning SAS, Avstraliyaning Qantas Airways, Yangi Zelandiyaning Air New Zealand va Gonkongning Hong Kong Airlines kompaniyalari ma’lum qildi. Air New Zealand ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq $85–$90 atrofida bo‘lgan aviatsiya yonilg‘isi narxi so‘nggi kunlarda $150–$200 gacha ko‘tarilgan.

Narxlarning bunday keskin o‘sishiga Isroil, AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiylashgan harakatlar asosiy sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Buning oqibatida jahon neft ta’minotining qariyb 20 foizi o‘tadigan Hurmuz bo‘g‘ozi amalda yopilib qolgan. Oqibatda xarajatlarni qoplash uchun Hong Kong Airlines kabi kompaniyalar yonilg‘i yig‘imlarini 35,2 foizgacha oshirganini e’lon qildi.

Hisob-kitoblariga ko‘ra, agar yonilg‘i narxi bir gallon uchun $4 yoki undan yuqori bo‘lib qolsa, faqatgina bir nechta yirik aviakompaniyalar kam miqdorda foyda ko‘rishi mumkin, qolganlari esa zararga kiradi. So‘nggi bir oy ichida aviatsiya yoqilg‘isi narxining deyarli ikki baravar oshishi aviatashuvchilar uchun o‘nlab milliard dollar qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Trampning Eron haqidagi bayonotidan keyin neft narxi pasaygani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek