AQShdan yana 65 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi

11-mart kuni AQSh hududida noqonuniy bo‘lib turgan shaxslarni deportatsiya qilish maqsadida navbatdagi charter reysi amalga oshirildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi ma’lum qildi.
Mazkur reys orqali 65 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarildi. Ushbu jarayon O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilgan. Ikki davlat fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish hamda ularni Vataniga qaytarish masalalarida hamkorlikni davom ettirmoqda.
Bundan oldin, 21-yanvar kuni ham Amerikadan charter reys orqali 44 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgandi.
Shuningdek, Yaqin Sharqdan minglab oʻzbekistonlik evakuatsiya qilindi. Transport vazirligiga ko‘ra, Bahrayn, Quvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar va Isroil havo hududlari parvozlar uchun yopiq boʻlib qolmoqda. Shu sabab fuqarolar muqobil yoʻnalishlar orqali olib chiqilmoqda.