O‘zbekiston va ispan kompaniyasi hamkorlikda pishloq mahsulotlari ishlab chiqaradi

O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov «Grupo Trepal» tarkibiga kiruvchi nufuzli «Exclusivas La Cota (Cortenvas)» kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi va kompaniya asoschisi va direktori Senen Fernandes bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Madrid shahrida joylashgan mazkur kompaniya sut mahsulotlari va pishloqni qayta ishlash, bo‘laklash hamda qadoqlash sohasida 45 yillik tajribaga ega. Korxona ushbu yo‘nalishda dunyoga mashhur ishlab chiqarish sektori vakillaridan biri hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, kompaniya ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, savdo belgilari va chakana savdo tarmoqlari bilan hamkorlik qiladi. Korxona chakana savdo tarmoqlari, HoReCa sektori, eksport bozorlari hamda boshqa yirik loyihalar uchun mahsulot yetkazib berish bo‘yicha professional yechimlarni taqdim etadi. Uning faoliyati samaradorlik, innovatsiyalar va texnologiyalarni doimiy takomillashtirish tamoyillariga asoslanadi.

Uchrashuv davomida kompaniya rahbariyati tomonidan pishloq mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash uchun qo‘llanilayotgan zamonaviy ispan uskunalari ham namoyish etildi. Ushbu texnologiyalar mahsulot sifatining barqarorligini ta’minlash, Yevropa standartlariga muvofiqlikni saqlash hamda ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini ta’kidladi. Xususan, O‘zbekistonda pishloqni qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy etish hamda o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining pishloq mahsulotlarini Ispaniya bozoriga yetkazib berish istiqbollarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Misr gepatitga qarshi preparatlarni ishlab chiqarishi haqida yozgan edik.